2019 yil 1 maydan ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qo‘llash bo‘yicha taqiqlar bekor qilinadi. Bu haqda prezident qarorida keltrilgan.

Qarorga muvofiq, notijorat tashkilot maqomiga ega bo‘lgan xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etiladi.

Markazlarning quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

  • tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan ayollarni markazlarga jalb etish va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashish;
  • ayollarning o‘z biznesini tashkil etish va yuritish ko‘nikmalarini shakllantirish, biznes g‘oyalarini tayyorlashda konsultativ yordam berish, shu jumladan, loyiha biznes-rejasini tayyorlash, soliqqa tortishning turli rejimlarini tanlash va qo‘llash, buxgalteriya hisobini yuritish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish;
  • zarur hollarda faoliyatini boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga mahallalardagi bo‘sh turgan binolardan joy ajratilishiga ko‘maklashish;
  • tadbirkor ayollarga va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlarga o‘z biznesini tashkil etishda zarur maslahatlar berish va amaliy yordam ko‘rsatish, shu jumladan, ishonchli hamkorlarni topish, minitexnologiyalar va uskunalar sotib olishda ko‘maklashish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning realizatsiya qilinishiga ko‘maklashish;
  • norasmiy faoliyat yuritayotgan hunarmand ayollarga ro‘yxatdan o‘tish, “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lish orqali soliqlar va boshqa turdagi imtiyozlardan foydalanishda hamda imtiyozli kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatish.

Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlar tuman (shahar) hokimi va tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan shakllantiriladigan ro‘yxat asosida maxsus o‘qitish dasturi bo‘yicha o‘qitiladi.

Maxsus o‘qitish dasturlarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan xotin-qizlar orasidan tegishli tuman (shahar) Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi tavsiyasiga ko‘ra tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga 6 oylik imtiyozli davr va yillik 8% stavkada imtiyozli kreditlar hududlarda aholi bandligini ta’minlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishni kreditlash tartiblari asosida ajratiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi ko‘magidagi Xotin-qizlarning gender tengligini himoya qilish bo‘yicha komissiya tuziladi.