8 may kuni Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov “Afghan Petroleum & Gas” (AP&G) kompaniyasi rahbari Kamoliddin Nabizoda bilan viloyatda soya yetishtirish va soyani qayta ishlash zavodini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishdi, xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Muloqot chog‘ida viloyatga 7 million $ miqdorida investitsiya kiritish, 6 ming gektar maydonda soyani ekish, qayta ishlash, tayyor mahsulot holatiga keltirish, ichki bozorni ta’minlash, ortiqchasini xorijga eksport qilish, soya chiqindisidan chorva mollari uchun ozuqa mahsulotlari ishlab chiqarish masalalari bo‘yicha kelishib olindi.

Loyiha doirasida 120 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash rejalashtirilmoqda.

Ta’kidlanishicha, viloyatning iqlimi, tabiiy sharoiti, quyoshga to‘yingan tuproq soya yetishtirish va uni parvarishlash uchun mos keladi.