Aprel-may oylarida davlat qimmatli qog‘ozlarining narxlari tashqi va ichki moliya bozorlarida oshishni (foiz stavkalari mos ravishda pasayishni) davom etdi, xabar beradi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning suveren xalqaro obligatsiyalari jahon moliya bozorlarida o‘z nominal qiymatida yoki undan yuqori darajada (premiya bilan) savdo qilindi.

Jumladan, joriy yilning 21 may kuni respublikaning 5 va 10 yillik suveren xalqaro obligatsiyalarining narxi ikkilamchi bozorda o‘z nominal qiymatiga nisbatan 101,723% va 102,025%ni (daromadliligi 4,343% va 5,107%) tashkil etdi.

Ichki davlat qimmatli qog‘ozlarining narxlari ham mahalliy moliya bozorlarida o‘z rekord ko‘rsatkichlarini yangiladi.

Xususan, 22 may kuni 18 oy muddatli davlat qimmatli qog‘ozlarini birlamchi bozorda joylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston respublika valyuta birjasida o‘tkazilgan elektron savdolari natijasida:

  • davlat qimmatli qog‘ozlarining o‘rtacha tortilgan daromadliligi 10,04%ni (o‘rtacha tortigan narxi o‘z nominal qiymatiga nisbatan 106,45%) tashkil etdi;
  • auksion yakunida davlat qimmatli qog‘ozlarining sotib olish bo‘yicha qabul qilingan buyurtmalar soni taklifga nisbatan 3 baravar ko‘p bo‘ldi.

Ilgari Spot O’zbekiston tarixda ilk marotaba 1 milliard $lik yevroobligatsiyalarni joylashtirgani, xalqaro bozor O’zbekistonni yevroobligatsiyalari bo’yicha baholashi, hamda O’zbekiston xalqaro obligatsiyalarining narxlari barqaror darajada saqlanib turgani haqida xabar bergan edi.