Ilgari Spot xabar berganidek joriy yilning 13 fevral kuni umumiy qiymati 1 milliard $ miqdoridagi 5 va 10 yil muddatli O’zbekiston xalqaro obligatsiyalarni jahon moliya bozorlarida joylashtirgach, 14 fevral kunidan ularning ikkilamchi bozordagi savdosi boshlangan edi.

O’tgan 2 oy mobaynida xalqaro obligatsiyalarning ikkilamchi bozordagi narxlari barqaror darajada saqlanib turdi hamda jahon moliyaviy bozorlaridagi umumiy trendlar doirasida o’zgarib, global iqtisodiyotda yuz berayotgan jarayonlar, makroiqtisodiy o’zgarishlar va kutilmalar ta’siri ostida shakllanib bordi:

  • 5 yillik xalqaro obligatsiyalar narxlarining o’z nominal qiymatiga nisbatan tebranishi 99,200−100,950% (daromadliligi mos ravishda 4,532- 4,933%) oralig’ida, 19 aprel kuni holatiga — 100,333% (daromadligi — 4,670%);
  • 10 yillik xalqaro obligatsiyalar narxlarining o’z nominal qiymatiga nisbatan tebranishi 98,000−100,523% (daromadliligi mos ravishda 5,306 — 5,640%) oralig’ida, 19 aprel kuni holatiga — 100,160% (daromadligi — 5,353%).

O’zbekiston xalqaro obligatsiyalarining ikkilamchi bozordagi narxlarining so’ngi 2 oy mobaynidagi dinamikasi quyidagilardan dalolat beradi:

  • Xalqaro obligatsiyalar narxlarining barqaror darajada turishi mazkur obligatsiyalarning joriy yilning fevral oyida birlamchi bozorda joylashtirilgan narxlari bozor muvozanatiga mos kelishini ko’rsatadi.
  • Xalqaro obligatsiyalar narxlaridagi kichik tebranishlar va ularning jahon kapital bozoridagi umumiy trendlar doirasida bo’lishi mamlakatimizning jahon moliya tizimiga integratsiyalashayotganini anglatadi.

Xalqaro obligatsiyalarning narxi obligatsiyalar daromadliligiga teskari proportsional bo’lib, obligatsiyalar narxi ko’tarilganida daromadlilik foiz stavkasi pasayadi. Xalqaro obligatsiyalar narxining umumiy bozor trendlari doirasidagi tebranish va o’zgarishlarini inobatga olmaganda, o’z nominal qiymatiga nisbatan barqaror darajada turishi xalqaro investorlarda mazkur obligatsiyalar bo’yicha jiddiy risklar yoki salbiy kutilmalar yo’qligini anglatadi.