Spot uchun Madina Ro‘zmatova suhbatlashdi va eksklyuziv savollar berdi.

Bu hikoya muvaffaqiyatsizlik va xatolar qay yo‘sinda biznesni o‘zgartirishi haqidadir. Odamlarni o‘zgartiradi, Hamma narsani o‘zgartiradi. Biz muvaffaqiyatlar ortidan quvamiz, ammo ayni muvaffaqiyatsizliklar bizni odimlashini sezmaymiz.

Bugun omadsizlik haqida marketolog ham, restorator va xatto klassik tadbirkor ham bo‘lmagan Sulhi Hasanov so‘z yuritadi. Biroq aynan u Laziz G‘ulomov (mashhur shef-konditer, Caravan Group kompaniyasi restoranlarida, Ecorn va boshqa tarmoqlarda ishlagan) bilan Pie Republic konseptual qahvaxonani ochdi, u va Aleksey Kovalyov (brend-shef, di Gavi, Gustar va boshqa restoranlarda ishlagan) bilan hamkorlikda “Pasternak” gastrobari, shinam jihozlangan Izzi korxonasi va magazini ishini yo‘lga qo‘ydi.

Hozir men senga bironta iborani aytaman, sen istasang uni davom ettirishing, istamasang rad etishing yoki umuman izoh berishdan bosh tortishing mumkin.

Mendan hamma rukn qahramonlarini qaysi prinsipga asosan tanlashim haqida so‘raydi. Shunday bo‘lib chiqdiki, dastlabki ikkita hikoya mish-mishlar uchun yetarli bo‘ldi.

Sen bilan esa hammasi boshqacha. Sen bir tomondan keskin, dangalchi, omad egasiga o‘xshaysan. Birinchi ibora shundan kelib chiqadi. Sulhi Hasanov — omadsizlikdan uzoq kishi va men bejiz seni “Muvaffaqiyatsizlik qiymati"ga taklif qildim.

Yo‘q, albatta, mening ham muvaffaqiyatsizliklarim ko‘p.

Kel, birato‘la sanab qo‘ya qolaylik. Nima bo‘lgandi o‘zi? Sen ularni oson yengib o‘tgansan.

Sen bekorga shunday deb o‘ylaysan. Men omadsizlikka duch kelganimda yonib ketaman, juda qayg‘uraman. Biroq, bu tashvish bilan qanday yashash emas, asosiysi muvaffaqiyatsizlikka uchraganingni o‘z vaqtida tan olish muhim. Bu chamasi eng qiyini bo‘lsa kerak. Men umumiy ovqatlanishda uchta loyihada muvaffaqiyatsizlikka uchradim.

Aytib ber.

Ponchiklar bilan bog‘liq birinchi loyiha boshlanmasdan tugadi, keyin shahsan o‘zim yana ikkita loyihani — Hot Dogi Dog (boshqa egasiga sotib yuborilgan — Spot izohi) va burger korporatsiyasi The Burgerni (loyiha yopilgan — Spot izohi) barbod qildim.

Bular sening loyihalaring ekanini bilmagandim.

Hech kim yaxshi bilmasdi. Axir men media yulduz emasman. Boshida men yollanma menejerdan (u vaqtda korzinka.uz da marketing bo‘yicha menejer bo‘lib ishlardi — Spot izohi) biznesga o‘tishga qaror qildim — do‘stim bilan ponchikxona ochmoqchi bo‘ldik. Ko‘chaning yeguligi, bundaylar Shtatlarda ko‘p bo‘ladi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Har birimiz o‘z hamyonimizdan 450 $ kiritib, zarur jihoz-uskunalar oldik. Joy topdik, maxsulot yetkazib beruvchilar, o‘ram bilan kelishdik. Va keyin biz buyurtma bergan jihoz-uskunalarda ponchik qilib bo‘lmasligini tushundik. Buni ishni yo‘lga qo‘yish arafasida bildik, ammo, bunday paytlarda hammada bo‘lgani kabi xatomizni tan olishga qo‘rqdik. G‘oyani amalga oshirish uchun qancha baxslashganimiz yodimda.

Bu mening biznesda olgan birinchi va muhim sabog‘im bo‘ldi: muvaffaqiyatsizlikni qancha tez tan olsang, u senga shuncha arzon tushadi.

Do‘stim esa to men agar ishni barbod qilganimizni tan olmasak nima bo‘lishini hisoblab bermagunimcha buni tushunishni istamadi. Bu esa xatto do‘stligimiz va mening biznes qurishga bo‘lgan g‘ayratimga putur yetkazishiga oz qoldi.

Va sen baribir umumiy ovqatlanishga bording.

Ha. U vaqtlarda hali Pie Republic yo‘q edi, ponchik masalasida menga ergashgan o‘sha do‘stim Dubayga ko‘chib ketmoqchiligini aytdi.

Men uni yo‘ldan qaytardim. Bu mamlakatni yoqtirmaganim uchun emas, men o‘zim chet elda qachon hordiq chiqaradigan bo‘lsam, doim “mana shu yerda yashagan bo’lar edim!” deb o‘ylayman… va uyga qaytaman.

Xullas men uni qaytardim va biz bir investorga qahvaxona bilan bog‘liq g‘oyani sotdik. Konsepsiya bo‘yicha biz chuchvaraxona ochmoqchi edik — hozir shaharda ikkita shunday muassasa tarmog‘i bor.

Yog‘ochdan yasalgan ikkita aylana xonada xamirdan tayyorlangan taomlar sotishni rejalashtirdik. Loyihani kelishdik, bizga pul berishdi. Biz uni qila boshladik va men g‘alati narsa chiqayotganini tushundim. To‘xtadik, xot-dogni yo‘lga qo‘yishga qaror qildik.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Vestminsterning yonida bizning kichikkina kioskamiz bo‘lardi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, mahsulotimiz ketmayotganini ko‘rib, The Burger’ga o‘tmoqchi bo‘ldik. Katta va yangi ish qilishni xohladik. Oqibatda asosiy mahsulotimiz — burgerlarning o‘zi chiqmadi — to‘g‘risi, menga u boshidan yoqmagan edi.

Biroq boshidan xalq sizlarga bordi, men Facebook’dagi postlarni nazarda tutyapman.

Facebook foydalanuvchilarini xalq deb o‘ylashni bas qilish kerak. Kontent va norozi fikrlar qoldiruvchi o‘sha 100−200 kishi — butun Toshkent yoki O‘zbekiston degani emas. Mening nazarimda sizlar u yerda o‘zbek Facebook’i butun shahar, degan qandaydir xayolda yashaysizlar, xafa bo‘lmanglar, biroq menga u ko‘proq uyda o‘tirib tanqid qiluvchilar jamiyatini eslatadi.

Ha, biz muassasani ochganimizdan keyin shunchaki trendda biroz axborot tarqatdik. Burgerlar uchun qora va rangli bulkalarni shaharda birinchi bo‘lib biz yo‘lga qo‘ydik, ularni bizga Laziz G‘ulomov tayyorladi.

Biroq chiroyli bulkalar bilan qilingan xipster va selfilar yetarli bo‘lmadi, odamlar mazali burger tanovul qilishni istashdi va uni uch baravar arzonga Evos yoki 18 baravar qimmatga Pashada (Pavel Georganov poytaxt restoratori, “Kafe Kafe” loyihalari, “Kurantlar” bari va boshqalar — Spot izohi) yeyish uchun ketishdi.

Oqibatda biz pul — har ikki loyiha investitsiyasi 80 ming $ni yo‘qotdik. Biroq men ko‘proq buning uchun emas, balki o‘zimning bajarmay qolgan majburiyatim uchun qayg‘urdim. Bu juda qiyin bo‘lgandi.

Yodimda, qahvaxonaga kirib, mahsulotni tatib ko‘rdim, unga zira qo‘shilgan edi. Oshpazlarga “nima qilyapsizlar, nega kotletga zira qo‘shdingiz, bu sizlarga palov emas-ku” desam, ular menga “nima qilibdi, mazali-ku” deydi.

Shunday qilib, biz qancha urinmaylik, mazali burger qila olmadik. Qandaydir vaqtda muassasa muhit va lokatsiya hisobiga saqlanib turdi bizga talabalar ko‘p kelishardi.

Biroq men baribir faqat muhitni sotadigan odam emasman, bunday muassasalarga ishonmayman. Odamlar tamaddi qilish uchun keladi va ular birinchi navbatda mazali taom va servis uchun to‘lashadi.

Bu loyihalar o‘zini oqlamadi va sen ularni yopding.

Ular zo‘rg‘a o‘z harajatini qopladi. Men qattiq ma’naviy bosim ostida qoldim. Ruhim tushib ketdi. Sen investordan pul olasan, barcha hisob-kitoblarni qilasan-u, oqibatda hech narsa chiqmaydi. Bu katta muvaffaqiyatsizlik.

Bilaman, kimlardadir boshqacha bo‘ladi. Men Anastasiya Li hikoyasini o‘qidim, ochig‘i, agar investordan olgan shuncha pulim sovurilsa, qanday ahvolga tushishimni tasavvur qilolmayman.

Mening xatolarim, albatta, pulga chaqqanda ancha arzon. Biroq men o‘shandayoq navbatdagi loyihani o‘zim moliyalashtirishim, juda bo‘lmasa — hamkor olishim kerakligini tushungandim.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Arzon deganing qancha?

50−100 ming $ bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.

Menga ayrim restoratorlar muassasa birinchi yil minusga ishlashini normal holat deb aytishgandi. Senda esa mohiyatan, hammasi yaxshi bo‘lgan.

Men moliyani tugatganman, hisob-kitobni bilaman. Agar sen restoran ochsang va u zararga ishlasa, bu normal holat emas. Demak, u mahsulot sifatida hech narsa emas. Mening pozitsiyam shunday va investorlarga o‘sha vaqtda daromad va’da qilganman, biznes uchun biznes emas.

Zararga ishlash ba’zan jadval yuritish bo‘lishi mumkin, ya’ni qaysidir restoran katta daromad ko‘radi, ikkinchisi — o‘rtacha, uchinchisi esa o‘ta konseptual va unga ishni yo‘lga qo‘yish uchun vaqt kerak.

Demak, Pie Republic umumiy ovqatlanishdagi ikkita muvaffaqiyatsizlikdan keyin sening navbatdagi loyihang bo‘lgan ekan-da. Bu qarorga kelish dahshatli bo‘ldimi?

Qaror qilish dahshatli bo‘lmadi. Loyihalar oralig‘idagi yugur-yugurlar davrida men uylandim va to‘ydan keyin mening qo‘limda 10 ming $ atrofida pul qoldi. Oldimda tanlov paydo bo’ldi — barcha qarzlarni to‘lash, mashina olish va hotirjam tortish yoki ularni biznesga kiritish.

Qo‘limda pul bilan o‘tirganim va bu Pie Republic bo‘ladi, deb o‘ylaganimni yaxshi eslayman. Keyin birmuncha vaqt burgerxona va pirog tayyorlash ishini olib bordim. U yerdan Pie’ga borganim yo‘q. Aytmoqchi meni burger korporatsiyasini tashlashga Laziz G‘ulomov ko‘ndirdi.

Sen muvaffaqiyat hikoyalarini yoqtirmaysan.

Yomon ko‘raman. Men sening yoningga muvaffaqiyatlarim haqida hikoya qilish uchun kelmagan bo‘lardim, bu aniq. Pie’ni yo‘lga qo‘yganimdan keyin yarim yil o‘tgach yutuqlarim haqida so‘zlab berishni taklif qila boshlashdi.

Biznes o‘z muvaffaqiyatini mashhurlik yoki shunga o‘xshash boshqa narsa bilan o‘lchash huquqiga ega emas, hozir bizda ko‘pchilik shundan aziyat chekadi.

Umuman bunday hikoyalar, shuningdek, muvaffaqiyatga munosabat bo‘yicha xom xayollarga beriluvchi va ularni quvvatlovchi odamlarni ham tushunmayman. “Men — mashhurman, menga Facebook’da layk qo‘yishyapti, mening biznesim — muvaffaqiyatli”, deb o‘ylash soddalik. Raqamlarga xolis qarash lozim, ular aldamaydi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Biznesdagi eng og‘ir vaziyating.

Muvaffaqiyatsizlik ma’nosidami?

Yo‘q, senga hammasi tamom bo‘lgandek tuyulgan vaziyat haqida.

“Pasternak"da shunday bo‘lgandi.

Rostdanmi? Ayni shu sening eng tekis, bir maromdagi va shiddatli loyihang, deb o‘ylagandim.

Tekis va bir maromda davom etadigan loyiha bo‘lmaydi.

Endi meni hayron qoldirding. Shunday zamonaviy, yuqori darajadagi restoran…

Aynan, biz esa gastrobarni xohlagandik. Men hozir qandaydir mayda-chuyda tafsilotlarga berilmayman, biroq, boshida “Pasternak” butunlay boshqacha bo‘lishi ko‘zda tutilgan edi. Oshxonadan tortib mehmonlargacha. Mayli nima bo‘lsa bo‘ldi. Umuman, restoran uchun yomon emas. Shunchaki, men boshqacha bo‘lishini o‘ylagandim.

“Pasternak” haqida o‘ylab yurganimizda, biz tasodifan Lyosha Kovalyovni uchratib qoldik va bir paytning o‘zida ikkalamiz bir narsani xohlayotganimizni bildik. Bu konsept — pitsa va pasta edi.

Hamma mos narxlarda ozgina Italiya oshxonasi ta’mini tatib ko‘rishi mumkin bo‘lgan yengil joy qilishni istagandik. Lyosha bilan uchrashdik, hamkorlar bilan kelishdik va ish boshladik. Biroq, hammasi biz o‘ylagandan boshqacha bo‘lib chiqdi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Aynan nima?

Avvaliga Lyosha taomnoma bo‘yicha g‘oyalar taklif qilishni boshladi va biz lyuks tomonga ketayotganimizni tushundik. Keyin ta’mirlash boshlandi va endi meni to‘xtatib bo‘lmasdi. Qisqasi, biz sezib-sezmay fikrimizni o‘zgartirdik va qimmatbaho yaxshi restoran tashkil etdik.

Aytmoqchi, bu yerda ham axmoqona voqea yuz berdi — men dizaynga berilib ketib, yo‘q joyda 5 000 $yo‘qotganimni sezmay qoldim. Bir necha tun qayta hisoblab chiqdim. Ularni hisob-kitoblarda yo‘qotgandim, qayd etmagandim.

Muassasa konseptini almashtirishdagi ana shunday vaziyatlar men uchun ishni yopish yoki pul yo‘qotishdan ko‘ra og‘irroq bo‘lgandi. Matematika nuqtai nazaridan “Pasternak"da hammasi yaxshi.

Sen uchun buni to‘g‘rilash muhim.

Gap shundaki, men tuzatish yoki tuzatmaslik uchun buni muvaffaqiyatsizlik deb hisoblamayman. Ochiq aytaman, “Pasternak” bilan nima yuz berayotganini tushunganimda men juda hafa bo‘ldim. Vaziyat yana shu bilan qiziqki, bizga o‘zimiz istagan ishni qilishga hech kim mone’lik qilgani yo‘q.

Shu vaqtga qadar menga nimanidir ta’qiqlagan yoki qilishga yo‘l qo‘ymagan hamkor yoki investorlarim bo‘lmagan. Dastlabki vaqtlarda men konseptni almashtirish taklifini rad etdim. U yerda juda nufuzli omma to‘plangan va hozir “Pasternak” — qimmatbaho, o‘z maqomiga ega restoran, bu yomon emas.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Ammo, agar baribir o‘z aytganimni qilmasam, unda men bo‘lmayman. Hozir “Pasternak"da gastrobar shaklidagi shiddatli loyihani yo‘lga qo‘yishga tayyorlanyapmiz, bu shahar ahlini va umumiy ovqatlanishni bir silkitib tashlaydi. Hozircha nimaligini aytmayman.

Muassasa egasi sifatida xodimlarga baqirasanmi?

Agar ular aybdor bo‘lishsa — ha. Bu ma’noda men eng yaxshi rahbar bo‘lmasam kerak. Biroq, o‘zimning kayfiyatim yomon bo‘lganda yoki stress holatida bo‘lsam, bolalarga umuman zahrimni sochmaslikka harakat qilaman. Masalan, shunday rahbarlar borki, xotini bilan urishib kelsa, kun bo‘yi xodimlardan alamini oladi.

Menda buning aksi, birorta xodim achchig‘imni chiqarsa, yaqinlarimdan biriga baqirishim mumkin. Yoki shunday bir voqea bo‘lgandi, ofitsiantga odobsizlik qilgan mehmonni yaxshilab so‘kkan edim. Xodimlarimni haqorat qilishlariga yo‘l qo‘ymayman. O‘z jamoamni juda qadrlayman. Agar kimdir xodimlardan birini haqorat qilsa yoki yerga urgan bo‘lsa, o‘zini odobsiz tutsa va boshqa mijozlarga halaqit bersa mehmonni restorandan haydab chiqarishim mumkin.

Xodimlarni esa qilmishi uchun urishishim mumkin. Menimcha, faqat bir marta bekorga urishganman. Tan olish menga oson bo‘lmagan, biroq ertasiga kechirim so‘raganman.

Sen tavakkalchi insonsan.

Hech qachon hech qayerga bormayman. Men pulga juda bog‘lanib qolganman, birovning bo‘ynida o‘tirishni o‘zimga ep ko‘rmayman. Shuning uchun hayotimda juda yomon vaqtlar bo‘lgan, men tublik nima ekanini yaxshi bilaman. Mish-mishlar va filmlar orqali emas.

U yerda nima bo‘lgandi?

Agar meni boshqa kompaniyada kutmaganlarida men o‘z karyeramni boshlagan “Korzinka"dan ketmagan bo‘lardim. Keyin Rustam Botirovichning (Rustam Yusupov, Plov, Assorti, Bibigon va boshqa restoranlar asoschisi — Spot izohi) restoran xoldingidan ham ketmasdim.

Chunki u yerda ish boshlagunga qadar yeyishga hech narsam bo’lmagan vaqtlar bo’lgan. Men bir keksa ayolning xovlisidagi juda yomon uyni ijaraga olgandim. O‘sha vaqtlardan men pulni tejab ishlatishga o‘rganganman. Ancha erta, to‘g‘rimi?

Men besh yoshdaligimda ota-onam ajrashishgan. 18 yoshlarga kirganimda onamda muammolar boshlandi. Men anchagina betashvish erta bolalik va yetarlicha janjalli o‘smirlikdan keyin, mohiyatan o‘zimning bolalik mashaqqatlarim bilan birga-bir qoldim. Bu vaziyatdan chiqish uchun harakat qilishga to‘g‘ri keldi. Bu voqealarni hech qachon hech kimga aytmaganman.

Bu haqda yozmaymi?

Xohlasang yozaver, men bundan uyalmayman.

Senda qo‘rquvlar bor

Men tanqiddan qo‘rqaman. Shuning uchun ommaviy chiqishdan bosh tortaman, ko‘pchilik to‘planadigan tadbirlarni yoqtirmayman, ularga bormayman.

Shuning uchun sen intervyu bermaganmisan?

Bu menga yoqmaydi. Xayolimda har tomonlama barkamol odamlarning qandaydir siymosini yaratganman va ular intervyu berishlari lozim, deb hisoblayman. Men kimman o‘zi, umuman intervyu berishga loyiqmanmi? Men hatto ichimda ko‘p intervyu beradigan, media uchun ochiq bo‘lgan odamlarni qattiq qoralayman ham. Endi esa avvallari qoralagan ishimni o‘zim qilyapman. Bu material chiqqanda ehtimol o‘zim uchun ham uyalarman. Biroq men bu intervyuga o‘zim rozilik berganim ham haqiqat.

Muvaffaqiyatsizliklar to‘g‘risida men bilan muloqot qiladigan barcha odamlar uchun bir xil so‘nggi so‘z. U siyqasi chiqqan, masalan, Nastyada hatto savol tug‘dirdi. Muvaffaqiyatsizlik qiymati yuqori biroq…

Biroq, mayli, tamom.