29 iyun kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan “Xalqaro savdo va soliq islohotlari” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbatida O’zbekistonda import bojlarini vaqtincha oshirish masalasi ko’rib chiqildi.

Xabarga ko’ra, import bojlarini bekor qilish tarafdorlari mazkur choralar mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini jadallashishiga ko‘maklashishini ta’kidladilar.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda bir qator boshqa idoralar esa tarif siyosatini bosqichma-bosqich o‘zgartirilishi ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotini yanada yaxshilash, tarif va notarif to‘siqlarni yakuniy bartaraf etish jarayonida xalqaro bozorga eng uyg‘un ravishda integratsiya qilish uchun shart-sharoitlar yaratib berishini ta’kidlab o‘tdilar.

Davra suhbati yakunida ham tadbirkorlar, ham hukumat vakillari tomonidan tashqi savdo siyosatini optimallashtirish maqsadida tarif va notarif vositalarni chuqur qayta ko‘rib chiqish zarurligi, bunda ichki mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish uchun rag‘batlantiruvchi sharoitlarni yaratishda ayrim tovarlarga tariflarning mo‘tadil oshishi istiqbolini hisobga olish bo‘yicha umumiy qaror qabul qilindi.

Shu bilan bir qatorda, tomonlar barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan soliq siyosatini bir xillashtirish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldilar.

Ta’kidlanishicha, bu o‘z o‘rnida biznesni yuritish shartlarini uyg‘unlashtirishga, qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisob-kitob qilish qoidasini to‘liq qo‘llashga va umuman, tayyor mahsulotni ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga imkon beradi.