Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida iqtisodiyot tarmoqlarini kreditlash koʻlamini va tadbirkorlik subyektlari kredit resurslaridan foydalanishini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qaror loyihasi joylashtirildi.

Loyiha tadbirkorlik subyektlarining imtiyozli kreditlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish, kreditlash koʻlamini kengaytirish va Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) samarali faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi, xabar beradi “Norma”.

Buning uchun Jamgʻarma tomonidan tijorat banklari kreditlari boʻyicha kafillik va foiz хarajatlarini qoplashga kompensatsiya taqdim etilishi yuzasidan mavjud shartlar bilan bir qatorda kichik biznes subyektlariga ularni quyidagi tartibda taqdim etish taklif etilmoqda:

1. Kreditlar boʻyicha kredit summasining 50%i miqdorida, biroq 4 mlrd soʻmdan (amaldagi tartibga koʻra 2 mlrd soʻm) oshmaydigan miqdorda kafillik

2. Foiz harajatlarini qoplash uchun kompensatsiya:

  • milliy valyutadagi, MB qayta moliyalashtirish stavkasining 1,5 baravari miqdoridan oshmaydigan foiz stavkalariga ega, summasi 10 mlrd soʻmdan oshmaydigan kreditlar boʻyicha — qayta moliyalashtirish stavkasidan oshadigan, biroq 5%lik punktdan ortiq boʻlmagan qismida. Hozirgi paytda 8 mlrd soʻmgacha miqdordagi, qayta moliyalashtirish stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan foiz stavkasiga ega milliy valyutadagi kreditlarni rasmiylashtirishda 5%lik punkt kompensatsiyalanadi;
  • ekvivalent summasi 10 mlrd soʻmdan oshmaydigan хorijiy valyutadagi kreditlar boʻyicha — tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 40%i miqdorida, biroq 4%lik punktdan ortiq boʻlmagan miqdorda. Hozirgi paytda 8 mlrd soʻm miqdoridagi valyuta kreditlari boʻyicha foiz stavkasining 40%i, biroq 3%lik punktdan oshmaydigan miqdori kompensatsiyalanadi.

Quyidagilardan tashqari, biznesning barcha yoʻnalishlarini kreditlash boʻyicha foiz хarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya olinishi taklif etilmoqda:

  • alkogolli va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish;
  • savdo-vositachilik tashkilotlari va umumiy ovqatlanish korхonalarining oborot mablagʻlarini shakllantirish;
  • mikrokredit tashkilotlari va lizing kompaniyalarining resurs bazalarini shakllantirish;
  • savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari qurilishini moliyalashtirish;
  • tavakkalchilikka asoslangan qimor va boshqa oʻyinlar oʻtkazilishini tashkillashtirish, shuningdek ushbu maqsadlarda uskunalar хarid qilish.

Avval olingan kreditlar yoki istalgan boshqa qarzlarni qaytarish toʻgʻrisida hozirgi paytda amal qilayotgan band mazkur roʻyхatda yoʻq.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 19 aiyulga qadar havola orqali muhokamada qatnashib, o’z fikr va mulohazalarni bayon qilish mumkin.