O’zbekiston Qozog’istonning “Горные работы” kompaniyasining ishonchli boshqaruviga ikkita issiqlik elektr stansiyasini o’tkazadi.

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo’lib o’tgan brifingda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi Ruslan Mubarakshin ma’lum qildi, xabar beradi Spot muxbiri.

Hozirgi paytda Angren va Yangi Angren IESlarini uch yil davomida ishonchli boshqaruvga topshirish bo’yicha kelishuvning tafsilotlari ishlab chiqilmoqda. Ushbu hujjatda tabiiy gazdan maksimal foydalanishni qisqartirish va ko’mir yoqish ulushini ko’paytirish masalasi ko’rib chiqilmoqda.

“O'zbekistonda birinchi marta elektr stansiyasini boshqarish xususiy shaxslarga topshirilmoqda. Asosiy vazifa — IESlarni tabiiy gazdan ozod qilish”, — dedi Ruslan Mubarakshin.

Qozog’istondagi yirik ko’mir konlarining egasi bo’lgan “Горные работы” kompaniyasi bilan O’zbekistonga ko’mir yetkazib berish masalasi muhokama qilinmoqda.

“Biz past narxlarga erishish uchun muzokara olib boramiz. Ko’mir importi elektr energiyasining narxiga ta’sir qilmasligi va iste’molchilar uchun tariflarning oshishiga olib kelmasligi kerak”, — dedi kompaniya rahbari.

Uning so’zlariga ko’ra, yetkazib berish ishlari Angren ko’mir konining to’liq ishga tushirilgunga qadar amalga oshiriladi.