Fuqarolar tomonidan joriy yilda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining Telegram-botiga yo’ldagi qoidabuzarliklar aks etgan 4 mingdan ziyod foto va videolavha yuborildi.

Bu haqda 16 iyul kuni Ichki ishlar bosh boshqarmasida bo’lib o’tgan brifingda Toshkent shahar IIBB vakillari tomonidan ma’lum qilindi, xabar beradi Spot muxbiri.

Ta’kidlanishicha, yuborilgan foto va videolavha murojaatlarining 4.118 tasi ko‘rib chiqilib, 1.016 nafar qoidabuzar haydovchilarga nisbatan tuzilgan bayonnomalar asosida 503 mln 884 ming so‘m jarimalar undirildi.

Shuningdek, qayd etilishicha poytaxt ko‘cha va yo‘llariga 38 ta statsionar va 5 ta mulyaj mobil fotoradarlar o’rnatilgan.

Mavjud 6 ta statsionar va 4 ta mobil fotoradarlar yordamida, o‘tgan davr mobaynida 159 mingdan ortiq qoidabuzarliklar aniqlanib, ularga nisbatan 50 mlrd 243 mln so‘m jarimalar belgilandi.