2019 yil yanvar-iyun oylarida O’zbekiston bo’yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo’lgan korxona va tashkilotlarda ishlovchilarning o’rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2 092,6 ming so’mni tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan 32,2% ga o’sishni ta’minladi. Bu haqda davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

2018 yilning mos davriga nisbatan iqtisodiy faoliyat turlari bo’yicha o’rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining yuqori o’sish sur’ati sog’liqni saqlashda 37,2%, ta’lim sohasida 35,3%, bank, sug’urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida 31,8%, sanoatda 23,0% va qurilishda 22,9% kuzatildi.

Ta’lim sohasida 23030 ta muassasada 1024,6 ming nafar (jami ishlovchilarga nisbatan ulushi 37,6%) xodim ishlagan bo’lib, ularga ish haqi fondi 10425,5 mlrd. so’mni (jami ish haqi fondidagi ulushi 30,5%) tashkil etgan. Ta’lim sohasi bo`yicha o`rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1695,9 ming so’mni tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan 35,3% ga oshgan.

Sanoat sohasi bo’yicha o’rtacha oylik ish haqiga nisbatan yuqori ko’rsatkichlar Navoiy viloyati — 3,6 mln, Qoraqаlpog’iston Respublikasi — 3,5 mln, Toshkent shahri — 3,4 mln va Toshkent viloyati — 3,2 mln hissasiga to’g’ri kelgan.

Ish haqining nisbatan past ko’rsatkichlari Surxondaryo — 2 mln, Jizzax — 1,8 mln, Sirdaryo — 1,8 mln hamda Namangan — 1,7 mln viloyatlari hissasiga to’g’ri keldi.

Sog’liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko’rsatish sohasi yuqori ko’rsatkichlari Toshkent shahri 1,7 mln, Buxoro viloyati 1,6 mln, Qoraqаlpog’iston Respublikasi 1,6 mln va Sirdaryo viloyati 1,5 mln hissasiga to’g’ri kelgan.

Xususan, ish haqining nisbatan past ko’rsatkichlari Surxondaryo — 1,3 mln, Farg’ona — 1,3 mln, Toshkent — 1,3 mln hamda Qashqadaryo — 1,1 mln viloyatlarida kuzatildi.

Tashish va saqlash iqtisodiy faoliyat turida eng yuqori ko’rsatkich Toshkent shahrida — 3,1 mln kuzatildi, shuningdek, respublika darajasidan yuqori ko’rsatkichlar Buxoro — 2,7 mln va Namangan — 2,7 mln viloyatlarida kuzatildi.

Sezilarli darajada past o’rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi ko’rsatkichi Toshkent — 1,4 mln, Sirdaryo — 1,4 mln, Samarqand — 1,2 mln hamda Andijon — 1 mln viloyatlarida kuzatildi.

Bank, sug’urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasi bo’yicha eng yuqori ko’rsatkich Toshkent shahrida 5,3 mln kuzatildi. Shuningdek nisbatan yuqori ko’rsatkich Andijon viloyati 4 mln.ni tashkil etdi.

Ish haqining sezilarli past ko’rsatkichlari Surxondaryo viloyati 3,1 mln, Toshkent viloyati 3 mln, Sirdaryo viloyati 3 mln hamda Qashqadaryo viloyati 2,9 mln hissasiga to’g’ri keldi.

O’rtacha oylik ish haqining yuqori miqdori Toshkent shahrida 2971,9 ming so’mni, Navoiy viloyatida 2659,5 ming so’mni va Toshkent viloyatida 2300,7 ming so’mni tashkil etgan bo’lsa, Samarqand viloyatida 1738,2 ming so’mni , Surxondaryo viloyatida 1722,8 ming so’mni, Namangan viloyatida 1720,0 ming so’mni tashkil etib, boshqa hududlarga nisbatan kam miqdorga ega bo’lmoqda.