So‘nggi paytlarda respublikamiz keng jamoatchiligi orasida go‘sht narxlarining ko‘tarilishi bilan bog‘liq vaziyatga Davlat statistika qo‘mitasi oydinlik kiritdi.

Bozor iqtisodiyotining asosiy qoidalaridan biri bu — hukumat rasmiylarning bevosita aralashuvisiz erkin narxlarning shakllanishidir. Bozor sharoitida narxlar talab va taklif qonuniyati asosida shakllanishi kerak.

Bozor sharoitida narx belgilash ikki tomonning ishtirokini o‘z ichiga oladi: talab tomoni (iste'molchilar) va taklif tomoni (sotuvchilar). Ushbu vaziyatda talab va taklifning kesishish nuqtasi muvozanatli bozor bahosi bo‘lib hisoblanadi.

Narxlarni qat’iy nazorat qilish maqsadida “yuqoridan belgilangan” narxlar (masalan, mahalliy hokimiyat idoralari tomonidan) iqtisodchilarning xulosalariga ko‘ra bozordagi narxlar bo‘yicha vaziyatni keskinlashtirishga va ular orasidagi nomutanosiblikni vujudga keltiradi yoki kuchaytiradi.

2019-yilning 16-iyul kunida O‘zbekiston bo‘yicha uyushgan savdo majmualari hamda dehqon bozorlarida iste’mol narxlari kuzatuvi ma’lumotlariga asosan 1 kg. mol go‘shtining o‘rtacha narxi 40 501 so‘mni, 1 kg. qo‘y go‘shti narxi 40 554 so‘mni tashkil etgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, respublikada o‘rtacha narxlar har bir hududning tovarlar va xizmatlarni iste’mol qilishga sarflanadigan xarajatlar tarkibi o‘rtacha og‘irlik sifatida shakllantirilgan ulushini inobatga olgan holda hisoblanadi.

Hududlar kesimida bir kilogramm mol go‘shti narxlari diapazoni 34 705 so‘mdan 46 586 so‘mgacha , qo‘y go‘shtining bir kilogrammi esa 31 196 so‘mdan 44 036 so‘mgacha bo‘lgan oraliqni tashkil etmoqda.

Shunga alohida e’tibor qaratish lozimki, amaldagi usulga ko‘ra, o‘rtacha narxlarni aniqlashda ularning butun diapazoni qamrab olinishi kerak. Shu bilan birga, narxlar darajasiga qarab aholining talab tarkibi va ayrim mahsulotlarning ommaviy iste’molini ham hisobga olish zarur.

Masalan, joriy yilning 16-iyul kuni kuzatish Toshkent shahri bo‘yicha tanlab olingan savdo obyektlarda bir kilogramm mol go‘shtining o‘rtacha narxini aniqlash uchun 32 000 so‘mdan 79 990 so‘mgacha bo‘lgan 230dan ziyod narxlar ro‘yxatga olingan.

Shu bilan birga, bir kilogramm go‘sht narxini hisoblash uchun jami ro‘yxatga olingan narxlarning 68 tasida 40ming so‘mgacha, 100 dan ortiq narxlar 40 dan 50 ming so‘mgacha bo‘lgan diapazonda, 60 ga yaqin narxlar 50 ming so‘mdan yuqori va 6 tasi 70 ming so‘mdan yuqorisini tashkil etgan.

O‘rtacha narx tarkibiga ko‘plab omillar, jumladan, mahsulot o‘zgarishi, narxlarni ro‘yxatdan o‘tkazish vaqti, mavsumiylik, ro‘yxatdan o‘tish paytidagi talab va taklifning nisbati va boshqalar inobatga olinadi.

Joriy yilning iyun oyidagi tashqi savdo statistikasi ma’lumotlariga asosan, yirik shoxli chorva mollari importi bir oydavomida 5 169 boshga yoki 21,1 %ga kamaydi (may oyida 24 549 boshdan joriy yilning iyun oyida 19 380 boshgacha).

Bu davrda tirik qo‘ylar va echkilarning importi 78 158 boshdan (may oyi) 41 631 boshgacha (iyun oyi) qisqardi. Shu bilan birga, yangi va sovutilgan yirik shoxli mol go‘shti importi 355,3 tonnadan (may oyi) 411,2 tonnagacha (iyun oyi), ya’ni, 55,9 tonna yoki 15,7% gacha oshdi. Umumiy hisobda 2019-yilning yanvar-iyun oylari davomida 1119 tonna yangi, muzlatilgan, sovutilgan yirik shoxli mol go‘shti import qilingan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyun oylarida ichki sharoitida chorva mollari va parrandalarni so‘yish, yetishtirish tirik vaznda 1 128 144 tonna (2018-yilning yanvar-iyuniga nisbatan 2,2%ga ko‘p), so‘yish vaznida 654 323 tonnani tashkil etgan.

2018-yil uchun uy xo‘jaliklari budjetini o‘rganishning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, respublikada go‘sht va go‘sht mahsulotlarining o‘rtacha yillik iste’moli 1 423 704 tonnani tashkil etgan bo‘lsa, aholi jon boshiga bu ko‘rsatkich yiliga 43,2 kg.ni tashkil etdi. Bunday o‘rtacha oylik iste’mol bilan birinchi yarim yillikda go‘shtga bo‘lgan ehtiyoj taxminan 711 852 tonnani (= 1423704/2) tashkil etadi. 2019-yilning dastlabki olti oyida aholining o‘sish sur’ati bilan bu ko‘rsatkich biroz yuqori bo‘ladi.

Bundan tashqari talab tarkibi bo‘yicha muhim ta’sir ko‘rsatuvchi mahalliy qayta ishlash korxonalarining go‘shtiga bo‘lgan ehtiyojni ham inobatga olish kerak. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-yilda respublikada ishlab chiqarilgan, qayta ishlangan va konservalangan go‘shtning umumiy hajmi — 193 047,1 tonna, go‘sht va parranda go‘shti (kolbasa, dudlangan mahsulotlar va boshqalar) tayyor mahsulotlari — 31 513,4 tonnani tashkil etgan.