Ai-91 rusumli benzin birjada deyarli boshlang‘ich narxda sotildi. Bu haqda Tovar xom ashyo birjasi ma’lumotlarida keltirilgan.

15 avgust kuni birja savdolariga jami 720 tonna AI-91 rusumli avtomobil benzini quyildi. Jumladan, “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MChJ birja savdolariga 600 tonna, va “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJ 120 tonna AI-91 rusumli benzinini sotuv uchun qo‘yishdi.

Sotuvchi tomonidan belgilanadigan AI-91 benzin uchun boshlang‘ich narx, uning bir tonna uchun 6216,4 ming so‘mni tashkil etdi.

Savdolarning yakunlariga ko‘ra 746 mln so‘mlik 120 tonna (savdoga qo‘yilgan hajmdan 16,7%) AI-91 rusumli benzin sotilgan.

Benzinning 15 avgust uchun belgilangan birja kotirovkasi uning amaldagi boshlang‘ich narxidan deyarli oshmadi va bir tonna uchun 6,2 mln so‘mni tashkil etdi.

Birja savdolari davomida AI-91 rusumli avtobenzinini sotib olish uchun buyurtmalar yuridik shaxslar, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari va avtomobil yoqilg‘i quyish shaxobchalari tomonidan kelib tushdi.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 15 avgustdan boshlab Ai-91 rusumli avtomobil benzinining chakana narxi birja savdolari orqali belgilanadi.

Avtomobil yoqilg‘i quyish shaxobchalari Ai-91 rusumli benzinni sotib olish uchun ochiq birja savdolarida ishtirok etishadi. Birja savdolarida narx bozor qoidalari asosida, talab va taklifdan kelib chiqqan holda erkin o‘rnatiladi.