Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan joriy yilning I yarim yilligida olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida ayrim byudjet mablag‘lari noqonuniy sarflanayotganligi aniqlandi, xabar beradi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi umumtaʼlim maktablarida haqiqatda ishga kelmagan va xizmat vazifasini bajarmagan xodimlarga yoki umuman ishlamaydigan fuqarolar nomiga ish haqi hisoblanishi homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini, shuningdek mehnat taʼtili, mukofot va moddiy yordam mablagʼlarining asossiz hisoblanishi va toʼlanishi natijasida byudjet mablag‘larini noqonuniy sarflanishiga yo‘l qo‘yilgan.

Jumladan, Jizzax shahar 22-sonli umumtaʼlim maktabida 448,2 mln so‘m, Kegayli tumanidagi 1-son umumtaʼlim maktabida 54,7 mln soʼm va Buxoro shahridagi 1-son umumtaʼlim maktabida 31,2 mln so‘m byudjet mablag‘lari asossiz sarflab yuborilgan.

Bo‘z tumanidagi 5-sonli umumtaʼlim maktabida 99,3 mln so‘m, Jarqoʼrgʼon tumanidagi 4-sonli umumtaʼlim maktabida 65,3 mln so‘m byudjet mablag‘lari oʼzlashtirilgan.

Sho‘rchi tumanidagi 10-son umumtaʼlim maktabida 36,1 mln so‘m noqonuniy oʼzlashtirilgan.

Yashnobod tumanidagi Ko‘zi ojizlar maxsus maktab internatida bosh hisobchi tasdiqlangan shtatlar jadvalidagi o‘zining oylik lavozim maoshiga ortiqcha ish haqi qoʼshib yozishi natijasida byudjetdan 77,6 mln so‘m asossiz ortiqcha to‘lab yuborilgan.

Bulardan tashqari, Bog‘dod tumanidagi 50-sonli umumtaʼlim maktabida 129,9 mln so‘mlik bajarilmagan ish xajmlari qo‘shib yozilgan.

Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimidagi Sharof Rashidov tumanidagi 9-son maktabgacha taʼlim muassasasida haqiqatda ishlamagan 31 nafar fuqarolarga ish haqi xisoblash yoʼli bilan 955,5 mln so‘m miqdoridagi byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Shuningdek, Buxoro shahar 46-son maktabgacha taʼlim muassasasida haqiqatda ishga kelmagan va xizmat vazifasini bajarmagan 8 nafar xodimlarga 88,4 mln so‘mlik ish haqi toʼlovlari ortiqcha hisoblanib, asossiz toʼlab yuborilgan.

Uychi tumanidagi 11-sonli maktabgacha taʼlim muassasasi mudirasi tomonidan 23 nafar xodimga 21,5 mln so‘m avans pullari yozilib, mablag‘ xodimlarga tarqatilmasdan o‘zlashtirilgan.