O‘zbekiston va Tojikiston tranzit yuk tashishni soddalashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Tojikiston Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi chog‘ida ikki davlat transport vazirlari 2018-yilning 8-martdagi xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladilar.

Tranzit yuklarni tashish uchun ruxsatnoma blankalari talabi bekor qilinadi.

Tojikiston Transport vazirligining qayd etishicha, o‘zgartirishlar hujjat ikki davlat tomonidan ratifikatsiya qilinganidan keyin kuchga kiradi. Ruxsatnomalarning bekor qilinishi yetkazib berish muddatini qisqartiradi va yukning shikastlanish riskini kamaytiradi.

Bugungi kunda ikki davlat hududi bo‘ylab har yili 1200ta tranzit yuk tashuvlari amalga oshirilmoqda. Tojikiston va bir qator MDH davlatlari va Rossiya o‘rtasida yoki tranzitda tovarlarni jo‘natish ruxsatnomasiz amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Tojikiston bilan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik hamda agrosanoat kabi tarmoqlarda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston “E-Permit” tizimini ishga tushirgandi. “Yallama” chegara bojxona posti orqali mamlakatlar o‘rtasidagi ilk elektron ruxsatnoma blankalari almashildi.