Spot bundan avvalroq ipoteka kreditlari sharhini e’lon qilgan edi. Banklar taklif etayotgan 18%dan 32%gacha foizli stavka mamlakatning ko‘p fuqarolari uchun qimmatlik qilishi mumkin, shuning uchun O‘zbekistonda aholining muayyan qatlamlari imtiyozli kredit olishlari mumkin bo‘lgan davlat dasturi amal qiladi.

Shu yo‘sinda foydali shartlardagi ipoteka yosh oilalar va o‘z turar-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj odamlarga imkoniyat yaratadi. Dastur haqida Spot sharhida batafsilroq to‘xtalamiz:

Imtiyozli ipoteka kimlarga beriladi?

2016 yilning oxirida 2017−2020 yillarda ko‘p qavatli namunali uylar qurilishi dasturi boshlangan edi.

Respublika bo‘yicha to‘rt yil ichida 50 ming xonadonli 1200 dan ortiq uy qurilishi lozim. Ularning 592 tasi (23 mingdan ortiq xonadon) Toshkentda, Sergeli tumanidagi uylardir.

Uylar yosh oilalarga, puturdan ketgan uylarda yashayotganlar, shuningdek, turar-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga beriladi.

Bunda quyidagi mezonlar hisobga olinadi:

  • o‘z uyi yo‘qligi va boshqalarning uyida ijarada, beg‘araz foydalanish asosida yoki puturdan ketgan uylarda yashayotganlar;
  • bir uyda (xonadonda) boshqa oila yoki oilalar bilan birga yashash;
  • ko‘p farzandli oila;
  • to‘liq bo‘lmagan oilada ona (ota) tomonidan bola tarbiyalayotganlik;
  • oilada surunkali og‘ir kasallikdan aziyat chekayotgan shaxs alohida xonada yashashga muhtojligi;
  • oilada birinchi guruh nogironi borligi;
  • uy-joy maydonining ijtimoiy me’yorga muvofiq emasligi — bir kishiga 16 kv.m.dan, kreslo-aravachadagi nogironlar uchun 23 kv.m.dan kam bo‘lmasligi lozim.

Yosh oila toifasiga birinchi marta nikohdan o‘tgan 30 yoshgacha (bu yoshdagilar ham kiradi) bo‘lgan er-xotinlar kiradi.

Kredit 20 yilga beriladi. Dastlabki besh yil davomida foiz stavkasi 7%ga, qolgan 15 yilda MB qayta moliyalashtirish stavkasi bo‘yicha (16%ga) teng. Shuningdek, uch yillik imtiyozli davr bo‘lib, unda qarzdor asosiy qarzni uzmasligi va faqat bankka foizlarni to‘lashi mumkin.

Dastlabki badalning o‘rtacha hajmi 15%ni tashkil qiladi. Biroq uyning qaysi qavatdaligiga qarab uning hajmi oshishi yoki kamayishi (10%dan 20%gacha) mumkin. Qavat qancha yuqori bo‘lsa, dastlabki badal hajmi shuncha kam bo‘ladi. 3−4 qavatdan ikki xonali uy sotib olish istagida bo‘lganlarga 40 mln so‘m atrofida (4,4 ming $) to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.

Qarzdorning kredit to‘lashga yo‘naltirilgan ish haqidan daromad solig‘i olinmaydi.

Bundan tashqari, jismoniy shaxslar ipotekani to‘lab bo‘lmagunlaricha mulk solig‘i to‘lamaydilar. Shu bilan birga agar kreditni uzish muddati tugaganidan keyin 5 yil mobaynida uy sotiladigan bo‘lsa to‘lanmagan soliqlarni davlatga qaytarishga to‘g‘ri keladi.

Qarzdorlik bo‘yicha hamkor faqat er (xotin) yoki yaqin qarindoshlar — ota-ona, aka-ukalar, opa-singillar, farzandlargina bo‘lishi mumkin.

Kreditni qanday olish mumkin?

Birinchi qadam — tuman hokimligiga murojaat qilinadi, u ariza blanki va kerakli hujjatlar ro‘yxatini taqdim etadi. Asosiy hujjatlarga quyidagilar kiradi:

  • ariza;
  • qarz oluvchining (qarz olish bo‘yicha hamkorning) daromadlari to‘g‘risida ma’lumotnoma;
  • ariza beruvchining uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtojligini tasdiqlovchi hujjatlar.

Bunga fuqarolik yig‘ini, mahalla raisi, profilaktika inspektori, qo‘shnilar imzo chekkan uy-joy sharoiti o‘rganilgani to‘g‘risidagi akt kiradi.

Unda uyda ro‘yxatda turuvchilar va haqiqatan yashovchilar soni, bino maydoni, yashovchilarning har biriga o‘rtacha to‘g‘ri keladigan kvadrat metr va hokazolar ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, hokimlikda kadastr boshqarmasidan oila a’zolari nomida mulk yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotnoma ham talab etilishi ham mumkin. Bu yaqin qarindoshlarda nomzod yashab turishi mumkin bo‘lgan uy bor-yo‘qligini aniqlash uchun qilinadi.

Bu hujjatlarni har bir tuman hokimligida tashkil etilgan hududiy komissiya ko‘rib chiqadi. Ayni u arizani qondirish yoki qondirmaslik to‘g‘risida qaror chiqaradi.

Tuman ma’muriyati ariza berganlarning barchasini ro‘yxatga kiritadi, shu tarzda yangi qurilayotgan uydan imtiyozli ravishda xonadon olish istagida bo‘lganlardan navbat shakllanadi.

Masalan, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligida avgust oyi boshidagi holatga ko‘ra, bu ro‘yxatdan 3 mingdan ortiq kishi o‘rin olgan.

Ma’lum bir odamga uy ajratishdan avval komissiya u bilan uchrashadi, unda hujjatlar tekshiriladi, lozim bo‘lsa u uy-joy sharoitini yaxshilashga nechog‘lik muhtojligini aniqlashtirish uchun qo‘shimcha savollar beriladi.

Shunday qilib, hozir hujjat topshirishga qaror qilganlar omadlari chopsa, shu yil oxiri-kelasi yilning boshlarida komissiyadan o‘tish uchun navbatlarini kutishlari mumkin. Bu vaqtni samarali o‘tkazish va dastlabki badalni to‘lash uchun zarur bo‘lgan mablag‘ni to‘plashga sarflash mumkin.

Agar hujjatlar barcha talablarga to‘liq javob bersa ariza qondiriladi va komissiya unga hali endi poydevori qo‘yilayotgan binodan uy ajratadi. Ariza bergan kishiga uy ajratilgandan keyin ikki oy davomida u bank hisobiga dastlabki badalni to‘lashi lozim.

Kredit faqat uy foydalanishga topshirilgandan keyingina rasmiylashtiriladi. Qarz oluvchi bank bilan shartnoma imzolashdan tashqari mulkni sug‘urta qilishi, oldi-sotdi shartnomasini notariusda rasmiylashtirishi va xonadonni Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining hududiy bo‘limlarida ro‘yxatdan o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.

Qisqacha, imtiyozli ipoteka olish quyidagi bosqichlardan iborat bo‘ladi:

  • qarz olish istagida bo‘lgan kishining o‘zi yashash uchun ro‘yxatdan o‘tgan tuman hokimligida maslahat olish;
  • hujjatlar to‘plash;
  • hujjatlarni topshirish va nomzodni navbatga qo‘yish;
  • navbat kutish (6 oydan bir yilgacha davom etishi mumkin);
  • komissiya bilan suhbatdan o‘tish;
  • ariza qondirilgan holatda nomzod uchun uy ajratish;
  • oy davomida bankka dastlabki to‘lovni to‘lash;
  • uy qurilishi bitishini kutish (bir yil atrofida. Ba’zan komissiya kimlargadir ajratilgan, biroq turli sabablarga ko‘ra (jumladan moliyaviy) voz kechilgan uylarni qayta taqsimlaydi). Bu holatda bir yil kutishga to‘g‘ri kelmaydi va tayyor xonadonga ko‘chish mumkin bo‘ladi;
  • Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasida xonadonni rasmiylashtirish;
    Bankda kreditni rasmiylashtirish;
  • yangi uyga ko‘chib kirish.

Ariza bergandan to yangi uyga ko‘chib kirguncha o‘tadigan umumiy vaqt turli vaziyatlarga (masalan, hokimlikdagi navbat kutishlarga) bog‘liq bo‘ladi.

Yuqorida ko‘rsatilgan barcha bosqichlar eng yahshi holatda bir necha oy (qayta taqsimlash holatlarida), yomon holatda esa ikki yildan ortiq vaqtni talab etadi. Masalan, arzon uylardan xonadon olish bo‘yicha boshidan o‘tganlarini Spot bilan baham ko‘rgan Yelena Goloyanda quyidagicha kechdi:

Yelena Goloyan

Sergelidagi uylardan biriga ko‘chib o‘tishni kutmoqda


Biz 2017 yilning martida ariza berganmiz va hali hamon kutyapmiz. O‘shandayoq navbatda 700dan ortiq kishi bor edi, shuning uchun biz komissiya bilan suhbatga 2018 yilning fevralida kirdik.

Kutib o‘tirishning foydasi yo‘qligini, hech kim komissiya bilan uchrashuvga chaqirmasligini tushundik — hokimlik ostonasiga o‘tirib olish kerak ekan.

Avval biz umumiy maydoni 56 kvadrat metr bo‘lgan uch xonali uyni tanladik, o‘sha vaqtlarda kichik hajmdagi uylar qurilardi. Rad etishdi, ikkimiz uchun uch xonali uy kattalik qilishini, ular odatda ko‘p farzandli oilalarga berilishini aytishdi. Biroq biz uning uchun pul to‘lashga tayyor edik, buning ustiga 56 kv.metr — uncha ko‘p ham emas.

Bizga boshqa uydan xonadon taklif qilishdi, bu uyni 2018 yil kuzida emas, balki 2019 yilning boshida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Unda ikki xonali uyning maydoni 70 kv.m. atrofida edi.

Biz kutishga tayyor ekanimizni bildirdik va avvaldan 40% hajmidagi to‘lovni to‘lash uchun bir oy vaqt berishdi. O‘shanda bir kvadrat metr 2,8 mln so‘m edi, shuning uchun uyning narxi 200 mln so‘m atrofida, birinchi badal esa 80 mln so‘m bo‘ldi.

Shundan keyin muammolar kelib chiqa boshladi. Biz tanlagan uy ikkinchi qavatda edi. Ikki oydan so‘ng bizning binodagi ikki qavatni poliklinika egallashini bildirishdi. Bizga boshqa uylarni ko‘rsatishdi, biroq ular 6−7 qavatlarda joylashgandi. Bahs-tortishuvlar uzoq davom etdi, nihoyat biz rozi bo‘ldik.

2018 yilning kuzida bilsak, bizga xonadon ajratilgan 17-uyning qurilishi hatto boshlanmagan ekan. Birorta tashkilot javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani yo‘q. Hokimlikda ular faqat taqsimlash, bankda esa kredit berish, qurilish kompaniyasi esa faqat rejaga muvofiq uy qurilishi bilan shug‘ullanishlarini aytishdi.

Biz axir yil boshida bankka 10 ming $ pul o‘tkazganmiz. Bu vaqt ichida biz bu pullarni foydasi bilan ishlatishimiz mumkin edi. 2018 yining qishida bizga boshqa uy berishdi, unga shu kuzda ko‘chib kirishimiz lozim. Endi aqlliroq bo‘ldik, bevosita prorablardan tafsilotlarni aniqlashtirib bilib olyapmiz — faqat ulargina uy qachon foydalanishga topshirilishini bilishadi.

Oxirgi imkoniyat

Bu yil foydalanishga topshiriladigan uylarning 90%i taqsimlab bo‘lingan. Demak, komissiya yaqin vaqt ichida qurilishi kelasi yili boshlanadigan uylarni taqsimlashga kirishadi.

Arzon uy-joylar qurilishi bo‘yicha davlat dasturi kelasi yili yakunlanadi. Faqat Toshkentning o‘zida har bir tumanda bir necha ming kishilik navbatlar tizilganini, kelasi yili 6 mingdan ortiq xonadonli uylar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilganini hisobga oladigan bo‘lsak, barcha arizalar qondirilmaydigan vaziyat yuzaga kelishi ehtimoli bor.

Biroq poytaxt hokimligida Spot’ga hukumat dasturni yana bir necha yilga uzaytirish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilishdi.

Bu o‘rinda bunday uylarda har bir kvadrat metr narxi yil sayin oshib borishini hisobga olish lozim. Kelasi yili u 5 mln so‘mdan kam bo‘lmaydi, ya’ni bozor narxiga maksimal darajada yaqinlashadi, ba’zan xatto ayrim hududlardagi ikkilamchi bozordagi takliflardan oshishi ham mumkin.

Arzon uylar qurilishi davlat dasturi qishloq joylarda ham amal qiladi. Faqat kredit xonadon sotib olishga emas, balki namunali uy qurilishiga beriladi. Taqsimlash mahalliy ma’muriyat tomonidan amalga oshiriladi, kredit esa “Qishloqqurilish bank” tomonidan ajratiladi.