Ipoteka Daniyada 20 yil muddatga foizsiz berilayotgan bir paytda O‘zbekistondagi banklar kreditni o‘rtacha 25% yillik stavka asosida taklif etmoqda.

Spot mamlakatning barcha banklaridagi shartlarni o‘rgandi. Aniqlanishicha, 30 ta bankdan atigi 10 tasi uy-joy sotib olish va ta’mirlash uchun kredit ajratadi, buning ustiga ularning yarmi bankning o‘zi tomonidan qurilishi moliyalashtiriladigan uylarga ipoteka berar ekan.

Eng kam foiz stavkasi 18%, eng ko‘pi — 32%ni tashkil qiladi. Aksariyat hollarda dastlabki badal 25%dan, muddati esa 10 yildan ko’p bo‘lmasligi lozim.

Ushbu uch tarkibiy qism kombinatsiyasi kredit foydali bo‘ladimi yoki yo‘qligini belgilaydi. Shunday qilib, muddat qancha kam va dastlabki badal qanchalik ko‘p bo‘lsa, yillik foiz stavkasi shuncha kam bo‘ladi.

Bunda ba’zan imtiyozli davr ham beriladi va u uch oydan ikki yilgacha davom etishi mumkin. Bu vaqt mobaynida qarzdor kredit bo‘yicha faqat foizni to‘lab turishi va qarzning asosiy qismini to‘lamasligi mumkin.

Ko‘pchilik banklarda kredit qiymati bo‘yicha maksimal boshlama 557 mln so‘m (64 ming $)ni tashkil qiladi.

Ipoteka asosan yangi qurilayotgan uylardan xonadon sotib olish uchun ajratiladi, faqat bozorning bir necha ishtirokchilarigina (masalan, ZiraatBank yoki Ravnaqbank) ikkilamchi bozordan xarid qilinadigan uy-joyni moliyalashtirishga tayyorlar.

Shuningdek, banklar uy-joy qurilishi va ta’mirlanishi uchun ham kredit beradi. Bunday holatda qarzning eng yuqori hajmi 670 mln so‘mgacha (76 ming $) yetadi.

Ipoteka qanday rasmiylashtiriladi?

Bank bo‘limiga birinchi marta borishdan avval oxirgi 12 oydagi daromadlar to‘g‘risida ma’lumot tayyorlab qo‘ygan ma’qul. U bank xodimi bilan maslahatlashish vaqtida kredit qanday shartlar asosida ajratilishini aniqlash imkonini beradi.

Agar kreditni uzishga mablag‘ yetmaydigan bo‘lsa, hamkor jalb etish mumkin, faqat u yaqin qarindosh bo‘lishi shart. Ariza beruvchi boshqa kredit bo‘yicha qarzdor bo‘lmasligi lozim.

Agar ipoteka shartlari qarz oluvchini qoniqtiradigan bo‘lsa, navbatdagi qadamga, ya’ni uy tanlash, uy quruvchi yoki mulk egasi bilan dastlabki shartnoma tuzish, mustaqil baholash o‘tkazish va boshqa hujjatlar to‘plashga o‘tish mumkin.

Ular orasida:

  • ariza;
  • pasport (arizachi va uning hamkoriniki);
  • 12 oy ichidagi daromad to‘g‘risidagi ma’lumot (arizachi va uning hamkoriniki) bor.

Kerakli hujjatlar ro‘yxati bankning ichki siyosatiga ko‘ra o‘zgarishi mumkin. Qo‘shimcha ravishda oila tarkibi to‘g‘risida turar joydan ma’lumot, INN, JBPH (INPS), oiladagi barcha balog‘atga yetgan va yetmagan a’zolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni so‘rashlari mumkin.

Bank hujjatarni ko‘rib chiqib, arizani ma’qullagandan so‘ng qarzdor va bank o‘rtasida shartnoma tuziladi. Bu hujjat asosida uy xaridor nomiga rasman rasmiylashtiriladi (shu jumladan Davlat kadastr qo‘mitasida), sug‘urta qilinadi va bankka garov rasmiylashtiriladi. Shundan keyingina quruvchi (yoki sotuvchining bank kartasiga) hisobiga pul o‘tkaziladi.

Sotib olinadigan uy kredit bo‘yicha garov hisoblanadi, shuning uchun uni sug‘urta qilish lozim. Bu ko‘chmas mulk garov qiymatining o‘rtacha 0,05−0,1%iga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari qarzdor ipoteka kreditini olayotganda hayotini ham sug‘urta qilishga, ipoteka to‘g‘risidagi shartnomaning notarial guvohnomasi, mulkni baholash (o‘rtacha 500 ming so‘m) va boshqa narsalarga ham pul to‘lashiga to’g’ri keladi.

E’tibor qarating: Ma’lumot faqat tanishtirish maqsadida taqdim etildi va bu borada biror ish qilishga da’vat emas. Spot ma’lumotni aniqlashtirish uchun bankka murojaat qilishni tavsiya etadi, chunki shartlar o‘zgarishi mumkin.

“Turonbank”

Kredit faqat bank tomonidan moliyalashtirilib qurilayotgan binodan uy olish uchun beriladi. Hozir uylar Ohangaron, Termiz va Nukusda qurilmoqda. Kreditning eng yuqori qiymati 2500 EKIH (557,5 mln) bo‘lib, 10 yil muddatga ajratiladi. Hujjatlar 7−10 kun davomida ko‘rib chiqiladi.

Dastlabki badal

Stavka

25%

22%

35%

20%

50%

18%


InFinBank

Kredit xususiy uy-joy yoki xonadon sotib olish uchun yetti yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi. Eng yuqori summa — 6000 EKIH (1,3 mlrd so‘m yoki 153 ming $). Dastlabki badal — uy narxining 25%. Foiz stavkasi 26%dan 30%gacha. Kredit bo‘yicha garov sotib olinadigan ko‘chmas mulk hisoblanadi.

“Ipak yo’li” banki

Ipoteka kreditlarini faqat Ohangaron va Qarshidagi uylar uchun rasmiylashtirish mumkin. Uylar bank ishtirokida quriladi. Dastlabki badal — 25%. Kredit 10 yilga 22%lik yillik stavka asosida rasmiylashtiriladi.

“Ipoteka-bank”

Imkoniyatli uy-joylardan xonadon sotib olish uchun imtiyozli kreditlar ajratishdan tashqari bank oddiy qarzdorlarga ham mablag‘ ajratadi. Muassasada bankning kredit berishga resurslari bor-yo‘qligini aniqlash uchun birinchi navbatda uning eng yaqin bo‘limiga murojaat qilishni maslahat berishdi. Agar mablag‘ bo‘lsa, unda pul 10 yil muddatga 26%lik yillik stavka asosida beriladi.

Kapitalbank

Kredit hajmi qarzdorning moliyaviy ahvoli, uning daromadlariga bog‘liq. Bunda Toshkentda yashovchi mijozlarga bank 557,5 mln so‘mgacha (64 ming $), boshqa hududlarga — 446 mln so‘m (51 ming $)gacha 10 yil muddatga beradi. Kredit stavkasi — 27%, 10 yilga ajratiladi.

Orient Finans Bank

Bu bankda faqat boshlang‘ich bozorda uy-joy sotib olish uchun kredit olish mumkin. Bunda hamkorlar — Golden House kompaniyasi uylarini sotib olish uchun kredit rasmiylashtirish tez va foydaliroq bo‘ladi. Faqat foiz stavkalari to‘lanishi mumkin bo‘lgan imtiyozli vaqt uch oyga cho‘ziladi.

Besh yilgacha bo‘lgan muddatli kredit bo‘yicha foiz stavkasi 26%ni, (dastlabki badalda 40%dan ortiq) va 30%ni (25%dan ortiq badalda), 10 yilgacha bo‘lgan muddatda mos ravishda 28% va 32% yillik stavkani tashkil qiladi.

O‘zbekiston milliy banki

Kredit faqat O‘zbekiston milliy banki tomonidan Buxoro, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlari va Qoraqlapog‘iston Respublikasi qurilish kompaniyalari bilan hamkorlikda barpo etiladigan uylardagi xonadonlar uchun beriladi. Yillik stavka — 10 yilgacha bo‘lgan muddatga 20% , ikki yillik imtiyozli davr ham bor.

Ravnaq bank

Bank boshlang‘ich bozorda ham, ikkilamchi bozorda ham ko‘chmas mulk sotib olishga yordam beradi. 5 yilgacha bo‘lgan muddatda yillik stavka 28%ni, 10 yilgacha bo‘lgan muddatga — 30%ni tashkil qiladi. Bunda kreditning eng yuqori hajmi cheklanmagan. Garov — kredit hajmidan 125% ko‘chmas mulk shaklida bo‘ladi.

Ziraat Bank Uzbekistan

Bank yangi qurilayotgan uylardan ham, ikkilamchi bozordan ham mulk sotib olishga qarz berish uchun tayyor. Bunda eng yuqori qiymat 400 mln so‘mdan (46 ming $) oshmasligi lozim. Foiz stavkasi kredit muddatiga bog‘liq:

1 yil

20%

2 yil

21%

3 yil

22%

5 yil

23%

10 yil

24%


“Poytaxt bank”

Kredit uchta turar-joy majmuasidagi uylarga beriladi — Tashkent city, Olmazor city va Oq-tepa. Muddat — uch yildan yetti yilgacha, yillik 28%gacha bo‘lgan foiz stavkasida beriladi.

Pul yig‘ishmi yoki sotib olish?

Albatta, ipoteka masalasini faqat o‘z uyiga ega bo‘lmaganlar ko‘rib chiqadi. Har kim boshpana olish imkoniyati uchun qancha to‘lashni o‘zi mustaqil hal qiladi. Xo‘sh, nima foydaliroq: pul yig‘ishmi yoki kredit olishmi?

Er-xotin 3 mln so‘m oylik oladigan oila misolida ko‘rib chiqamiz. (Bu Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko’ra Toshkentdagi o‘rtacha oylik).

Agar juftlik oilaviy byudjetning yarmini yig‘adigan bo‘lsa, qolganini kundalik harajatlarga sarflasa, u holda poytaxt chekkasidan ikki xonali uyni (taxminan 25 ming $ yoki 217 mln so‘mga) olti yildan keyin sotib olishi mumkin. Bunda agar oila ijarada emas, balki ota-onasi bilan birga yashaydigan bo‘lsa.

Agar yosh oilada ipoteka bo‘yicha dastlabki badalni qoplash uchun 54 mln so‘m hajmida jamg‘arilgan pul bo‘lsa, unda ular 10 yil davomida oyiga 3,8 mln so‘mdan to‘lashlariga to‘g‘ri keladi (ko‘p banklarning saytlarida kredit bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblarni qilish imkonini beruvchi qulay kalkulyatorlar bor). Bunday holatda qarz oluvchi uy uchun muddat oxirida 217 emas, balki 518 mln so‘m beradi.

Va mana shu kreditning asosiy kamchiligi — uy deyarli 2,5 baravar qimmatga tushadi. Bunda tavakkal bor, mablag‘ yig‘ishda daromadning o‘sish sur’ati ko‘chmas mulk narxi oshishiga yetib ololmaydi.

Bundan tashqari ipotekaga uy olayotgan odam narx o‘zgarishidan qo‘rqmay, uy narxini joriy darajada qayd etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Oylik to‘lov hajmi vaqt o‘tishi bilan o‘zgarmasligi, ish haqi esa 10 yil ichida bir necha baravar oshishi mumkin, shuning uchun yil sayin kredit to‘lovi oilaviy byudjetda tobora kamroq o‘rin tuta boradi.

Ayni vaqtda hammaning ham ish haqi kamayishi yoki kasal bo‘lishi mumkin. Agar qarzdor kreditni qaytara olmasa, unda bank sud orqali ko‘chmas mulkni sotish va qarzni uzish uchun tortib olishi mumkin.

Ko‘rinib turibdiki, ipoteka shartlari birinchi qarashda talonchilik bo‘lib ko‘rinsa-da, agar inflyatsiya kamaysa va bu o‘z uyingga ega bo‘lishing uchun yagona imkoniyat bo‘lib ko‘rinsa, unda kredit olish bu muammoni yechishning muhim omili bo‘ladi.

O‘zbekistonda yosh oilalar, puturdan ketgan uylarda yashovchilar va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtojlar 14% stavkadagi imtiyozli ipoteka olishlari mumkin. Spot bu haqda navbatdagi materialda batafsil to‘xtaladi.