Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mutaxassislari fuqaro Otabek Nuritdinovning Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga ijtimoiy tarmoq orqali qilgan murojaatida ko‘tarilgan masalaga oydinlik kiritishga harakat qildilar.

Crafers bo‘yicha

2019 yil 1 avgust holatiga respublika hududida 600dan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyekt qandolat mahsulotlarini (assortimentda) ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, ushbu mahsulot bozorida juda katta miqdorda import qilingan mahsulotlar mavjud bo‘lgani sababli ushbu bozor ancha past konsentratsiyalashgan, raqobat esa yuqori darajada rivojlangan.

Bundan tashqari, bozordagi ulushlar tahlil qilinganda, qaysidir xo‘jalik yurituvchi subyektning ustun mavqega ega ekanligi aniqlanmadi. Crafers qandolat mahsulotlari bozori holatiga xech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

Artel bo‘yicha

2019 yil 1 avgust holatiga O‘zbekistonda 10tadan ko‘p kompaniya elektr maishiy texnikasini (yirik va mayda) ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Statistika organlaridan olingan ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 100dan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyektlar kompaniya ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga o‘xshash mahsulotlarni ishlab chiqarish va import qilish bilan shug‘ullanib kelmoqdalar.

Akfa Group bo‘yicha

2019 yil 1 avgust holatiga respublika miqyosida plastmassadan eshik va rom ishlab chiqaruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning soni 180tadan oshgan.

Bundan tashqari, mazkur bozorda alyuminiydan eshik va rom ishlab chiqaruvchi 400tadan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ham faoliyat ko‘rsatadilar. Umuman olganda, ushbu bozorda ham konsentratsiya darajasi past, raqobat esa yetarli darajada rivojlangan.

Biroq, mazkur bozordagi ishlab chiqarilayotgan alyuminiy va plastik mahsulotlarning texnik va texnologiya jihatidan o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanini hisobga olgan holda, Qo‘mita har ikkala mahsulotlarni ishlab chiqarishda ma’lum bir kompaniya yoki shaxslar guruhi ustun mavqega egami, yo‘qligini aniqlash maqsadida qo‘shimcha o‘rganish ishlarini olib borishini ma’lum qildi.