1 iyuldan boshlab, tovar (ishlar, xizmatlar)ni sotib oluvchilar QQS toʻlovchisi boʻlmagan yetkazib beruvchilarning hisobvaraq-fakturasida aks ettirilgan QQS summasini hisobga olishga haqli emaslar. Ushbu yangi tartibning amaldagi ijrosi xususida Davlat soliq qoʻmitasi Kameral nazorat boshqarmasi bosh inspektori Abdurasul Abdumadjidov so’zlab berdi.

Yangi tartib

2019-yil 1-iyuldan tovarlarni sotib oluvchilar QQS toʻlovchilari hisoblanmaydigan yetkazib beruvchilardan olingan hisob-fakturalar boʻyicha QQSni hisobga olish huquqiga ega emaslar.

Endilikda tadbirkorlar oʻz kontragentlarining QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtganligiga va hisobvaraq-fakturani toʻgʻri rasmiylashtirganiga ishonch hosil qilishi lozim. Agarda ishonch hosil qilinmagan taqdirda ikkala tadbirkorlik subyektlari ham shubha va tahlika zonasiga tushib qoladilar.

Misollar

QQS toʻlovchisi boʻlmagan “A” korxona tomonidan QQS toʻlovchisi boʻlgan “B” korxonaga 100 mln soʻmlik tovarlarni realizatsiya qilish jarayonida hisobvaraq-fakturada asossiz ravishda 20 mln soʻm QQS ekanligi koʻrsatilgan. Shunday qilib, “B” korxonaga yetkazib berilgan tovarning umumiy qiymati 120 mln soʻmni tashkil qilgan.

Soliq kodeksining 118-moddasiga asosan yuqorida keltirilgan harakatlarni amalga oshirganligi uchun “A” korxonaga nisbatan noqonuniy ajratilgan QQS summasining 20%i miqdorida moliyaviy jarima qoʻllaniladi. Shunda korxona byudjetga 4 mln soʻm jarima va 20 mln soʻm QQSni toʻlab berishi kerak.

Bunda “B” korxonaga nisbatan moliyaviy jarimalar qoʻllanilmaydi. Lekin joriy yil 1 iyuldan soliq qonnunchiligiga kiritilgan oʻzgarishlarga muvofiq, tovarlarni sotib oluvchi “B” korxona qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha byudjet bilan qayta hisob-kitobni amalga oshirishi shart. Yaʼni korxona QQSni hisobga olish huquqiga ega emasligi sababli, avval hisobga olgan 20 mln soʻm QQS summasini byudjetga toʻlab berishga majbur boʻladi.

Kontragetning haqiqatdan QQS toʻlovchisi va ishonchli biznes-hamkor ekanligini qanday qilib tekshirib koʻrish mumkin?

Biznes-hamkorni tanlashda ularning ayrim jihatlarini oldindan oʻrganish orqali “majburiy extiyotkorlik” choralarini koʻrish yuzasidan quyidagilar tavsiya etiladi. Ozgina vaqt sarflab, biznes-hamkorni (kontragentni):

  • davlat soliq xizmati organlarida QQS toʻlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtgan yoki oʻtmaganligi;
  • biznesda tutgan oʻrni;
  • moliyaviy holati;
  • ishlab chiqarish bazasi hamda malakali ishchilarining mavjudligi kabi jihatlarini oldindan bilib olish mumkin.

Kontragentni tekshirib koʻrish uchun maʼlumotlar olishda qanday ochiq manbalar mavjud?

Kontragentlar haqidagi ochiq maʼlumotlarni my.soliq.uz saytining “QQS toʻlovchilarni aniqlash” boʻlimiga kirish orqali olish mumkin.

Bunda tanlangan oynaga izlanayotgan korxonaga tegishli boʻlgan STIRni kiritgan holda “izlash” tugmasi bosilsa bas, QQS toʻlovchisi boʻlgan korxona boʻyicha qiziqtirgan barcha ruxsat etilgan maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyati mavjud.