Prezident mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hujjatni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Ilgari Spot avgust oyi boshida prezident ayrim tarmoq hamda hududlarda mahalliylashtirish bo‘yicha ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilganini tanqid qilgani xabar bergan edi.

“Shuncha sharoit yaratyapmiz, texnologiyalar olib kelyapmiz. Joylardagi rahbarlar esa o‘zini qiynamay, mahalliylashtirish ustida ishlash o‘rniga osongina import qilishga o‘rgangan”, — degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Vazirlar Mahkamasiga barcha tarmoq va hududlar korxonalarida mahalliylashtirilgan tovar ishlab chiqarish hajmini kelgusi ikki yilda kamida 20%ga oshirish, import ulushi yuqori bo‘lgan tovarlarni mahalliylashtirish bo‘yicha dastur tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Qarorga ko‘ra, shu maqsadda qator chora-tadbirlar belgilangan.

Xususan:

  • importning o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarga kafillik va kredit foiz to‘lovlari kompensatsiya qilinadi;
  • viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida hokimning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimi joriy etiladi.

Qaror bilan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha vakolatli organ sifatida belgilandi va unga qo‘shimcha vazifalar yuklandi.