Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “INNOWEEK” innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida Toshkent shahrida “International Robotics Challenge 2019” (IRC 2019) xalqaro robototexnika musobaqasi o‘tkaziladi, xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

“IRC 2019” joriy yilning 27 oktyabrdan 31 oktyabrgacha “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tadi.

Musobaqada ikki yosh toifasi mavjud: 9 yoshdan 16 yoshgacha (Junior) va 17 yoshdan 23 yoshgacha (Senior). Har bir yosh toifasi turli tanlovlardan iborat.

Junior yosh toifasi

Junior yosh toifasida istalgan mamlakat vakillari ishtirok etishlari mumkin. “Kegelring” musobaqasida ishtirokchilar o‘zlari bilan o‘zini-o‘zi boshqaruvchi avtomatik robotlarni olib kelishlari kerak bo‘ladi.

“Waste sort out” musobaqasida robotlar masofadan turib boshqariladi. Ikkala musobaqa turida ham robotlar istalgan materialdan yasalishi mumkin, lekin hajm va o‘g‘irlik me’yorlari mavjud. Barcha qo‘yilgan talablar haqida musobaqalar reglamentlari orqali bilib olishingiz mumkin.

Senior yosh toifasi

Senior yosh toifasi “1st OIC Robotics Challenge Uzbekistan” nomi ostida bo‘lib o‘tadi. Ushbu toifada IHTga a’zo mamlakat vakillari ishtirok etishadi. “Robo-sumo” musobaqasida ishtirokchilar o‘zlari bilan o‘zini o‘zi boshqaruvchi avtomatik robotlarni olib kelishlari talab etiladi.

“Robo-futbol” musobaqasida robotlar masofadan turib boshqariladigan bo‘ladi. Ikkala musobaqa turida ham robotlar istalgan materialdan yasalishi mumkin, lekin hajm va og‘irlik me’yorlari mavjud. Barcha qo‘yilgan talablar haqida musobaqalar reglamentlari orqali bilib olishingiz mumkin.

IRC musobaqasi hamma uchun ochiq. Biroq har bir musobaqa turida ishtirok etadigan jamoalar soni uchun cheklov mavjud. Jamoa uch kishidan ko‘p bo‘lmagan bo‘lishi kerak. Har bir jamoa o‘zining yosh toifasidagi barcha musobaqalarda qatnashishi mumkin.

Barcha ishtirokchi jamoalar 27 oktyabrdan kechikmay Toshkentga yetib kelishlari lozim. Ishtirok etmoqchi bo‘lgan jamoalar birinchi navbatda onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari talab etiladi.

“Junior” yosh toifasida ishtirok etmoqchi bo‘lgan mahalliy va chet el nomzodlari quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘tadilar.

“Senior” yosh toifasida ishtirok etmoqchi bo‘lgan mahalliy nomzodlar — havola orqali, “Senior” yosh toifasida ishtirok etmoqchi bo‘lgan chet ellik nomzodlar quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘tadilar.