Soliq qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qiluvchi yagona axborot platformasi ishlab chiqiladi.

Davlat soliq qo‘mitasida Huawei kompaniyasi bosh direktori Lyu Szyasin boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan O‘zbekiston soliq tizimiga raqamli texnologiyalarni joriy etish va davlat soliq xizmati organlari uchun yagona axborot platformasini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi, xabar beradi qo’mita matbuot xizmati.

1994 yilda Huawei va uning hamkori CEIEC kompaniyalari tomonidan Xitoyda “Golden tax” (“Oltin soliq”) axborot platformasi ishlab chiqilgan. Mazkur tizim sohani axborotlashtirish orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlarning iste’molchigacha bo‘lgan harakatini hamda ushbu jarayonda to‘lovlarning amalga oshirilishini har bir ishtirokchi kesimida nazorat qilish imkonini beradi.

Uchrashuvda aynan Xitoyda soliq tizimini raqamlashtirishga oid tajribasi bo‘yicha fikr almashildi.

Tadbir yakunida Huawei kompaniyasi vakillari va Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati o‘rtasida hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.

Xususan, o‘zbekistonlik mutaxassislar Xitoyga tashrif buyurib, “Golden Tax” tajribasini yaqindan o‘rganishi, o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishi rejalashtirildi.