27−28 sentyabr kunlari Shahrisabzda o‘tkazilgan Qashqadaryo Investitsiya forumi 30 dan ortiq mamlakatdan 160 dan ziyod ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.

Forum davomida 11 ta hujjat imzolanib, umumiy qiymati 276 mln $lik qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi, xabar beradi O‘zA.

Xususan:

  • Hindistonning NTPS kompaniyasi bilan Chiroqchi tumanida “Quyosh elektrostansiyasi qurish” (qiymati 80 mln $);
  • Polshaning “Elkyu” kompaniyasi Muborak tumanida “Quyosh elektrostansiyasi qurish” (100 mln $);
  • Eronning “Poya Polimer” kompaniyasi bilan “G‘uzor tumanida tomchilatib sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarish” (10 mln $);
  • Turkiyaning “Akansu grup” korxonasi bilan Koson tumanida “Polietelindan quvurlar ishlab chiqarish” (15 mln $);
  • Pokiston Islom Respublikasining “Mega Injenering Vorks” korxonasi bilan hamkorlikda Qarshi shahrida “Gugurt ishlab chiqarish” kabi loyihalar bo‘yicha memorandumlar imzolandi.

Janubiy Koreyaning “Xanbek” kompaniyasi vakillari esa viloyatda yetishtirilayotgan sarxil mevalar bilan qiziqdi. Xususan ular dastlabki ishni anor eksportidan boshlamoqchi.

“Bugungi forumda anor eksporti bo‘yicha 10 mln $lik shartnoma imzoladik. Loyihamizni amaliyotga to‘liq tadbiq etgandan keyin olcha eksportini ham yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz”, — deydi “Xanbek” kompaniyasi vakili Kan Chje Kvon.

Turkiyaning “Sade” kompaniyasi Chiroqchi tumanida 3 ming gektarlik klaster tashkil etib, bug‘doy yetishtirishni va olingan hosilni qayta ishlagan holda un va makaron mahsuloti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.