Prezident farmoniga binoan 1 oktyabrdan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20%dan 15%ga tushirildi.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining loyihasida QQS stavkasini 15%ga tushirish hamda uning betarafligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

“Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasining tushirilishi natijasida respublika miqyosida xo‘jalik yurituvchi subyektlar ixtiyorida 10 trln so‘mdan ortiq aylanma mablag‘ tejab qolinadi”, — dedi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev “O‘zA"ga bergan intervyusida.

Behzod Musayev yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 25%dan 12%ga tushirilishi O‘zbekistonda davlat ulushi bo‘lgan 4 ming 609 korxona hisobida 2,7 trln so‘m mablag‘ jamg‘arib qolinishini qayd etdi.

“Shu tariqa korxona o‘z faoliyatini rivojlantirish, xodimlarga qo‘shimcha maosh to‘lash imkoniga ega bo‘ladi”, — deydi qo‘mita raisi.

Shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasida qayd etilishicha, QQS stavkasi 15%ga pasayishi pul-kredit siyosatining yumshashi va narxlarning barqarorlashuvi belgisi hamdir.