Gaz sohasidagi monopolistning 188 mlrd so‘mlik noqonuniy harakatlariga barham berildi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan “O‘ztransgaz” AJga qarashli mintaqaviy gaz ta’minoti korxonalarining 2018 yil va 2019 yilning 1 choragida tadbirkorlarga tabiiy gaz yetkazib berish borasidagi faoliyati o‘rganildi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, iste’molchining faoliyat ko‘rsatish sohasidan kelib chiqqan holda, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga tabiiy gaz yetkazib berish va uni narxini shakllantirishni alohida tartibi belgilangan.

Olib borilgan o‘rganishlar natijasida, respublika bo‘yicha 8 701 ta holatda mintaqaviy gaz ta’minoti korxonalari tomonidan belgilangan tariflarni asossiz oshirishi va xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan oldindan to‘langan to‘lovlarni hisobga olmaslik kabi qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Masalan, Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan “Davr metall” MChJ tomonidan 2018 yilning fevral oyida iste’mol qilingan 58 157 m3 tabiiy gaz uchun belgilangan 263,4 so‘m o‘rniga 1000 so‘mdan haq hisoblangan, natijada gaz ta’minoti korxonasi tomonidan 42,8 mln so‘m asossiz foyda olingan.

Shuningdek, “Gulobod Osiyo Parranda” MChJ tomonidan 2018 yilning 1 noyabr holatiga 34,4 mlrd so‘m oldindan to‘langan summa hisobga kiritilmagan va natijada 2018 yilning 1 noyabridan tariflarni oshishi munosabati bilan jamiyat qo‘shimcha to‘lovlarni to‘lashdan ozod etilmagan.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini viloyatlar kesimida quyidagicha:

  • Buxoro viloyati bo‘yicha — 300 holatda 407,6 mln so‘m;
  • Jizzax viloyati bo‘yicha — 620 holatda 1,9 mlrd so‘m;
  • Qashqadaryo viloyati bo‘yicha — 516 holatda 88 mlrd so‘m;
  • Navoiy viloyati bo‘yicha — 22 holatda 59,1 mlrd so‘m;
  • Namangan viloyati bo‘yicha — 302 holatda 1,7 mlrd so‘m;
  • Samarqand viloyati bo‘yicha — 3737 holatda 11,9 mlrd so‘m;
  • Sirdaryo viloyati bo‘yicha — 56 holatda 119,5 mln so‘m;
  • Surxondaryo viloyati bo‘yicha — 509 holatda 10,5 mlrd so‘m;
  • Toshkent viloyati bo‘yicha — 1203 holatda 3,2 mlrd so‘m;
  • Farg‘ona viloyati bo‘yicha — 23 holatda 240 mln so‘m;
  • Xorazm viloyati bo‘yicha — 1413 holatda 10,8 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Bugungi kunda mintaqaviy gaz ta’minoti korxonalarida asossiz olingan daromadlarni xo‘jalik yurituvchi subyektlarga qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.