Spot O‘zbekistonning Parij bitimiga qo‘shilishi munosabati bilan ekologik va “yashil iqtisodiyot"ga o‘tish bo‘yicha davlat strategiyasini ishlab chiqilishi haqida yanvar oyida xabar topgan edi.

Hujjat bilan quyidagilar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi:

  • iqlim o‘zgarishiga qarshi tizimli kurashishning ilg‘or mexanizmlarini joriy qilish;
  • yashil iqlim jamg‘armasining resurslariga yo‘l ochish;
  • iqtisodiyotning barcha sohalariga, jumladan ishlab chiqarishga “yashil texnologiyalarni” joriy qilish.

Prezident qarori bilan 2019−2030 yillar davrida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi tasdiqlandi, xabar beradi Adliya vazirligi kanali.

“Yashil” iqtisodiyotga o‘tishning asosiy vazifalaridan biri iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishdan iborat. Bunga texnologiyalarni modernizatsiyalash va moliyaviy mexanizmlarni rivojlantirish orqali erishiladi.

Strategiyani amalga oshirish natijasida issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalari 2010 yildagiga nisbatan 10 foizga qisqartiriladi.

Shuningdek, 100%gacha aholi va iqtisodiyot tarmoqlari zamonaviy arzon va ishonchli energiyadan foydalanish imkoniyati bilan ta’minlanadi.

Bundan tashqari, ekologik jihatdan yaxshilangan motor yoqilg‘isi va avtomobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanish kengaytiriladi, elektr transporti rivojlantiriladi.