Ro‘yxatdan o‘tmay faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar soliqqa jalb qila olinsa amaldagi soliq stavkalari, soliqlar yanada pasayishi mumkin.

Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov ma’lum qildi.

Qo‘mitada qayd etilishicha, internet magazinlar faoliyati, ro‘yxatdan o‘tmasdan daromad ko‘rayotgan tadbirkorlarga bugungi kundagi soliq islohotlarini tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, qo‘mita raisi o‘rinbosari soliq idorasi xodimlari faoliyatini tartibga solish, fuqarolar bilan munosabatda intizomlarini nazoratga olish borasida qanday ishlar amalga oshirilayotganiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Soliq organi nazorat qiluvchi yoki jazolovchi idora bo‘lish vaqtidan o‘tdi. Soliq idorasi endilikda soliq to‘luvchining haqiqiy maslahatchisi, hamkoriga aylanadigan davr keldi”, — deya ta’kidladi Fazliddin Umarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar soliq idoralari shu tamoyilda ish olib bormasa davlat g‘aznasini to‘ldirish, qo‘shimcha daromadlarni jalb qilish imkoniyatlari yo‘qotiladi.

Spot internet orqali noqonuniy savdo qiluvchilar soliqqa tortilishi haqida yil boshida xabar topdi. Ushbu davrda qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev, noqonuniy internet savdosini aniqlash, ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bazaga ulab soliq undirish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi:

“Biz xoh internet, xoh elektron savdo bo‘lmasin, ularni soliqqa tortish choralarini ko‘rmoqdamiz. Bular qatorida „Yandeks.Taksi“ masalasi ham bor”, — degan edi Mubin Mirzayev.