Jizzaxlik tadbirkorlar Ilhom Jo‘rayev va Mirazim Turg‘unboyev tadbirkorlik bo‘yicha jahon chempionati — Entrepreneurship World Cup finaliga yo‘llanma oldi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Saralash bosqichlarida 187 mamlakatdan 102 938 nafar startapchilar onlayn ishtirok etgan bo‘lib, ulardan finalgacha 10 jamoa yetib bordi.

O‘zbekistonlik tadbirkorlar g‘o‘zapoyaga biotexnologik yo‘nalishda ishlov berib, qator mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishmoqchi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yillik o‘rtacha 2−3 mln tonna paxta terib olinsa, 6 mln tonnaga yaqin g‘o‘zapoya ortib qoladi. G‘o‘zapoya 80% sellyuloza, 20% lignindan tarkib topgan.

“Lignindan 7 xil maxsulot — vanilin, binafsharang aldigid, polifenab, laktofiltrum, chorva uchun „Ekofiltrum“ enterosorbentiva eng muhimi, chorva uchun bioozuqa ishlab chiqarish mumkin. Mazkur innovatsion texnologiya yordamida 80% sellyulozani qayta ishlashga erishiladi”, deyiladi xabarda.

Final g‘oliblari 12 noyabrda Saudiya Arabistonining Er-Riyod shahrida bo‘ladigan super-finalda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.