Janubiy Koreya O‘zbekiston bilan Erkin savdo shartnomasini (ESSH) tuzish bo‘yicha ishlarni tezlashtiradi. Bu haqda Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In o‘zining koreys xalqiga yo‘llagan Yangi yil murojaatida maʼlum qildi.

“Biz Filippin, Kambodja va O‘zbekiston bilan ESSH muzokaralarini tezlashtirish orqali Yangi Janubiy va Yangi Shimoliy siyosat bo‘yicha almashinuv va hamkorlikni kengaytiramiz”,-dedi Koreya Respublikasi Prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya hukumati tomonidan faol ilgari surilayotgan “Yangi Shimoliy siyosat” Yevroosiyo qitʼasi mamlakatlari, shu jumladan, O‘zbekiston bilan turli jabhalardagi yaqin hamkorlik munosabatlarni rivojlantirishni nazarda tutadi.

Koreya Respublikasi hozirga qadar Yevropa Ittifoqi va Yevropa erkin savdo uyushmasi, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) kabi tashkilotlar, shuningdek, AQSH, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Chili, Kolumbiya, Peru, Xitoy, Hindiston, Singapur, Vyetnam va Turkiya kabi davlatlar bilan Erkin savdo shartnomalarini imzolagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil noyabr oyida Koreya Respublikasiga davlatiga tashrif buyurdi. Bunga javoban Janubiy Koreya rahbari Mun Chje In 2019-yil aprelda O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshirdi. Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik sohalarda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolangani alohida ta’kidlangan edi.

Janubiy Koreya O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlari ro‘yxatida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Davlat statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, 2019 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 2,755 milliard dollarni, 2020 yil yanvar-noyabr oylarida — 1,908 milliard dollarni tashkil etdi.