Yaponiyaning Imabari kemasozlik firmasi tomonidan qurilgan, Shoei Kisen Kaisha firmasi tomonidan egalik qilinuvchi, Golden guruhiga kiruvchi Ever Given kontenerovozining Suvaysh kanalida sayozlikga chiqib qolishi xalqaro savdo tizimi yangi davr kelayotganini ko’rsatib berdi.

Shahboz Jo’rayev,

Baltika Federal universiteti

Biznes boshqaruvi innovatsion tizimi va texnologiyalari yo’nalishi magistranti.

Savdo yo’lidagi to’silish sabab kelib chiqqan dunyo birjalaridagi o’zgarishlar, Misr hukumat budjetining zararlari va kontenerovoz ortida qolgan boshqa yuk tashuvchi firmalarning yo’qotishlari qisqa muddatli davrda o’z iziga tushish ehtimoli yuqori.

Biroq, uzoq muddatda tendensiyalar xalqaro savdo rivojini tanlov oldida qoldirmoqda. Bu tendensiyalarning dastlabkisi Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarining jahon iqtisodiyotidagi o’rni oshishidir. Ishlab chiqarish markazidagi bu ko’chish Osiyo va Yevropa davlatlarining bog’liqligi kuchaytirdi. Natijada:

Birinchi ssenariy. Xalqaro kemasozlik firmalari yuk tashuvchilarning hajmi borasida, savdo tashkilotlari esa kemalarning miqdori borasida yagona standard tuzadilar va unga ko’ra faoliyatlarini amalga oshiradilar.

Bu turdagi bitim, savdo hajmi o’sishi hisobiga tirbandlik vujudga kelishi mumkin bo’lgan nuqtalar: Malakka ko’rfazi, Adan bo’g’ozi, Suvaysh kanali, Gibraltar bo’go’zi va Panama kanali kabi hududlarning xalqaro savdo aylanmasidagi ahamiyati saqlab qoladi.


Shu bilan birgalikda, ushbu kesishuv manzillari eng qulay yo’llar ham hisoblanadi.

Masalaning boshqa jihati bu — taraqqiyot jarayonini ma’lum chegarada cheklab qo’yishi bo’ladi. Misol uchun, savdoda tashiladigan yuk hajmi ayrim bir bosqichga yetgach to’xtaydi. Kemasozlik va yuk tashish sanoatida erkin raqobat muhitining buzilishi hamda savdo yo’llarini nazorat qiluvchi davlatlar monopoliyasi kuchayishini istisno qilib bo’lmaydi.

Ikkinchi ssenariy. Yangi savdo yo’llarini kashf etish va amaldagi ayrim yo’nalishlardan voz kechish. Sharoitdan kelib chiqqan holda, quyidagi uch yo’nalish amaldagi tartibot o’rnini egallashi mumkin.

  1. Afrika qit’asini aylanib o’tib, Ezgu Umid burni orqali suzish. Bu yo’l O’rta asrlarda Yevropalik dengizchilar orasida ancha mashhur va amalda sinalgan hisoblanadi. Ammo, ushbu yo’nalishda suzish uchun Suvaysh kanaliga ketadigan vaqtdan 15 kun ko’proq vaqt sarflashga to’g’ri keladi.
  2. Xitoyning “Yangi Buyuk ipak yo’li”. Pekin tomonidan mavjud savdo yo’llariga muqobil sifatida taklif etilayotgan temiryo’llar tizimi Osiyo hamda Yevropani bog’lashga qulay variant bo’la oladi. Faqatgina, temiryo’l transporti dengiz transportiga nisbatan noqulayliklarini hisobga olish va ushbu sohani texnik hamda texnologik rivojlantirish talab etiladi.
  3. Shimoliy Muz okeani bo’ylab suzish. Iqlim o’zgarishi bu dengiz yo’li bo’ylab kemalar qatnovi uchun imkoniyat yaratmoqda. Iqtisodiy va savdo jihatidan qulay bo’lgan yo’nalishga, siyosiy to’siqlar, ya’ni Rossiya hamda Yevropa Ittifoqi davlatlari orasidagi strategik raqobat halal berishi mumkin.

Xulosa qiladigan bo’lsak, Ever Given kontenerovozi tufayli kelib chiqqan inqirozli vaziyat savdo borasidagi tartibotni uzoq muddat uchun ko’rib chiqish kerakligi haqida belgi bermoqda.

Ma’lumot uchun: 29-mart kuni Ever Given kemasini sayozlikdanolib tashlandi. Ammo kanal bo’ylab qatnovlarning qachon tiklanishi to’g’risida ma’lumotlar mavjud emas.