“Amicif” — Fransiyaning turli provinsiyalarida amaliyot o’tash uchun imkoniyat beruvchi bepul ta’lim loyihasidir. Dasturda g’olib chiqish uchun fransuz tilini B2 darajasida bilish talab etiladi. Barcha oliy ta’lim talabalari qatnashishlari mumkin.

Talabgorlar 18- 25 yoshgacha, oila qurmagan holda bo’lishlari kerak. Amaliyot 1 oy davom etadi va oxirgi hafta amaliyotchi fransuz oilasi bilan birga yashaydi.

O’zbekistonda o’tkazilish tartibi

Dasturda ishtirok etishning ikki yo’li bor. Birinchisi — Toshkentdagi Alliance Française orqali. Unga ko’ra talabgorlar asosan mart oyida oldindan ro’yxatdan o’tsih orqali 2- bosqichli tanlovda ishtiriok etishadi. Sinovlar har yili har xil o’tkaziladi.

1-bosqichdan o’tgan 6 nafar ishtirokchi og’zaki suhbatdan o’tishi kerak. Natijaga ko’ra, 2 ta ishtirokchi Fransiyada bir oy davomidan bepul (aviachipta va boshqa harajatlar ham qoplanadi) malaka oshirish imkoniyatini qo’lga kiritadi.

Ikkinchisi, tanlovda g’olib bo’la olmaganlar sayt orqali so’ralgan hujjatlarni jo’natish orqali bu imkoniyatga ega bo’lishlari mumkin. Ammo bu oson ish emas. Til bilishning o’zi kamlik qiladi. Spot, dasturda qatnashgan O’zbekistonlik talabalar bilan suhbat qurdi. Unda ishtirokchilar e’tibor qaratish muhim bo’lgan jihatlarni sanab o’tishdi.

Muhammadamin Hamroqulov,

Moliya vazirligi Axborot bo’limi yetakchi xodimi,

Amicif- 2019 dasturi doirasidagi CIFUN markazi amaliyotchisi.

Dasturda ishtirok etish uchun talab qilinadigan hujjatlar va so’rovnomalar soni talaygina. Dastlab, yoshingizga mos markaz tanlab olishingiz kerak. Markazlarning mavzusi va amaliyot o’tash joyi har xil. Men tanlaganim Fransiyaning shimoli-g'arbida joylashgan provinsiya edi. Bu “La Manche” bo’g’ozi orqali Britaniya bilan Fransiyani ajratib turadigan hudud edi.

Hujjat to’ldirishda, Amicif har bir qatnashuvchining dini, ijtimoiy holati va sog’ligi haqida juda qayg’uradi. Siz ichadigan doringizdan boshlab, yemaydigan ovqatingizgacha so’rovnomada ko’rsatishingiz lozim.

Nima uchun siz g’olib bo’lishga arzishingiz haqida xat (Lettre de motivation)ni qo’lda yozishingiz kerak. Oxirida esa videorolik taqdim etish so’raladi. Unda siz til bilsihdan tashqari boshqa qobiliyatlaringiz haqida gapirishingiz yoki amaliy tarzda ko’rsatib berishingiz mumkin.

Foto: Shaxsiy arxivdan

Men o’z videoimda restorandagi boshqaruvchilik mahoratim, o’zbek milliy taomlarini tayyorlash jarayoni va mehmondo’stlikni ko’rsatib berganman. Bundan tashqari, fransuz she’riyatidan ham bir parchani yoddan aytib bergan edim. Bu fransuzlar uchun o’z madaniyatiga nisbatan g’ururlanish hissini beradi. Menimcha, video tayyorlashda ushbu jihatlarga e’tibor qaratish kerak.

Sitora Karshiyeva,

JIDU Amaliy siyosatshunoslik fakulteti magistranti.

Amicif- 2018 dasturi doirasidagi CIFСL markazi amaliyotchisi.

Ro’yxatdan o’tish doim dekabr oyining oxiridan boshlanib, fevral oyining oxirigacha davom etadi. To’ldiriladigan bo’limlar juda ko’p. Ulardan biri sizning o’qituvchi va sizga yo’llanma beruvchi (parrain) tanlab ko’rsatishdir. O’qituvchi tanlashda Alliansda dars beradiganlarni tanlagan ma’qulroq. Chunki men shunday qilganman.

“Parrain"i esa oldin Amicif dasturida qatnashib kelgan va markazlar haqida ma’lumotga ega ishtirokchi bo’lishi kerak. Ikkalasi ham sizga o’z vazifasi doirasida xat yozib berishi talab etiladi. Xatda sizning shaxsiy yutuqlaringiz, qobiliyatingiz va boshqa o’ziga xos xususiyatlaringiz haqida gap ketishi lozim.

Videoda esa fortopiano chalgan lavha qo’yganman. Bundan tashqari chizgan portretlarim haqida ham gapirib berganman. Fransuzlar- san’atga oshufta xalq. Ularga musiqa, urf-odatlar, o’zgacha yorqinlik yoqadi. Qatnashuvchilarga mana shu jihatlarni inobatga olishlarini maslahat beraman.


Foto: Shaxsiy arxivdan

Shuningdek, fransuz madaniyatiga tegishli asar va shu turdagi materiallardan foydalanish yanada g’oliblik imkoniyatini oshiradi.

Dilobar Ermetova,

O’zbekiston Milliy Universiteti, Xorijiy Filologiya Fakulteti, 1-bosqich magistranti

AMICIF-2019 dasturi doirasidagi CIFUN markazi amaliyotchisi.

Ushbu dasturda ishtirok qilish va amaliyot o’tashim uchun menda kuchli xohish va ishtiyoq paydo bo’lgan. Dastlab ro’yxatdan o’tish (inscription)qoidalari bilan tanishib chiqish zarur. Yosh chegarasi bor albatta. Va aynan qiziqishlaringizdan kelib chiqqan holda yoshingizga mos taklif qilinayotgan markazlardan birini tanlashingiz kerak. Men “Fransiyaning shimoli-g'arbida turizm, atrof-muhit va universitet” mavzusini tanlaganman.

Sizning ijobiy natijaga erishishingizda motivatsion xat va tavsiyanoma alohida ahamiyatga ega. Siz bu amaliyotda qatnashish orqali ularga qanday naf keltirasiz-u, O’zbekistonga qaytgach qanday ijobiy o’zgarish bo’lishini ochiq-oydin ko’rsatib o’tishingiz kerak.

Qo’shimcha videolar orqali Qobiliyatlaringizni serqirra jihatlarini namoyon qilib, ijobiy taassurot va qiziqish uyg’otish sizning muvaffaqiyatingiz garovidir. Videoda qiziqishlarim, Xorazm vohasining tarixi, Xiva shahridagi turizm va gidlik faoliyatim, milliy raqsimiz “Lazgi” orqali mahoratimni ko’rsatib berganman.


Foto: Shaxsiy arxivdan

Ishtirok etgan markazim 25 ta millat vakillaridan iborat 32 nafar yoshlardan iborat edi. Fransuz tili bizni birlashtirdi, madaniyatlar almashinuviga, dunyo bo’ylab do’stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qildi.

Kerakli hujjatlar:

  • Amicif saytida kerakli anketani to’ldirish (pasport nusxasi, oxirgi tushirilgan rangli fotosurat ham talab etiladi);
  • Ota-onaning roziligi to’g’risidagi imzolangan xat;
  • Lettre de motivation (sizning dasturda ishtirok eshitga loyiq ekanligingizni ko’rsatib beruvchi xat;
  • Lettre de Prof (sizga ta’lim bergan o’qituvchi sizning fransuz tili darajangiz va shaxsiy qobiliyatingiz haqida ma’lumot beradigan xat);
  • Lettre de parrainage (sizga ko’rsatma beruvchi va tajribaga ega dastur qatnashchisining sizga yozib beradigan tavsiya xati);
  • 3-daqiqadan oshmaydigan video (yaratuvchanlik va o’ziga xoslik aks etgan bo’lishi muhim);

Qabul qilingan taqdiringizda, belgilangan muddatda Fransiyaga uchish va qaytish biletlarining nusxasini markaz direktoriga pochta orqali jo’natish lozim. Sug’urta, oziq-ovqat, Fransiyadagi transport va viza harajatlari tashkilot va elchixona tomonidan qoplanadi.

Shaxsiy extiyojlar uchun o’rtacha $1000 olgan ma’qul. Fransiyada xalqaro to’lov kartalaridan VISA dan foydalanish juda qulaydir.

*** Fransuz Alliansi tomonidan tanlovda g’olib bo’lgan ishtirokchi uchish va qaytib kelish xarajatlariga pul sarflamaydi.