Yaponiya hukumati Apple va Google kompaniyalari faoliyatiga nisbatan antimonopol tekshiruv oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda AppleInsider xabar berdi.

Qayd etilishicha, Apple va Google kompaniyalarining smartfon va boshqa mobil qurilmalar uchun operatsion tizimlar bozoridagi monopol mavqeyi hukumatni tashvishga solgan.

Maʼlumot berilishicha, Yaponiyadagi oʻnta smartfonning toʻqqiztasi Apple iOS yoki Google Android tizimida ishlaydi va mamlakatda ushbu kompaniyalar operatsion tizimlarining dasturiy taʼminoti ulushi 90% ga yetgan.

Tekshiruv maxsus hukumat komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi. Agar komissiya Apple va Google raqobatga qarshi siyosat olib borayotgani toʻgʻrisida xulosa beradigan boʻlsa, Yaponiya hukumati monopoliyaga qarshi mahalliy qonunchilikni yana-da kuchaytirishi mumkin.

Avvalroq Spot, Google €4,2 milliard jarimaga tortilganligi haqida xabar bergan edi.