Asaxiy internet-do'koni asoschisi Firuz Allayev may oyining so’nggida Larisa Burakovaning “Почему у Грузии получилось” kitobi o’zbek tiliga tarjima qilinib, sotuvga qo’yilganligi haqida xabar bergan edi.

Kitob tarjima qilingach, keng auditoriyaga mo’ljallanganligi sabab ko’plab kitobxonlarning sharhlari va muhokamalariga sabab bo’lmoqda.

Kitobda Gruziyada o’sha paytdagi mamlakat prezidenti Saakashvili va uning tarafdorlari amalga oshirgan islohotlar va uning natijalari tahlil qilingan.

Kitobni o’qib chiqqanlar allaqachon bu tarjima asar haqida post qoldirib fikr bildirishmoqda. Ammo ular orasida negativ fikrlar ham yo’q emas. Firuz Allayev Facebookdagi sahifasida bunga munosabat bildirmasdan qolmadi.

Tadbirkor kitobda insonlarni to’ntarish qilishga yoki davlatga qarshi chiqishga da’vatlar mavjud emasligini ta’kidlab, “O'zbekiston iqtisodiyotini Amerika qo’llab -quvvatlaydi” kabi iddaolarni rad etgan.

Allayev shuningdek, o’z loyihasini tashkil etishda hech kimdan yordam olmagani va shu kungacha 2,5 mlrd so’m investitsiya kiritgani haqida ham gapirib o’tgan. Uning so’zlariga ko’ra, loyiha moliyaviy tomondan hali hanuz barqaror emas. May oyida umumiy zarar 110 million so’mni tashkil qilgan. Undan tashqari yangi kitoblar uchun o’tgan oyda 200 million so’mdan ortiq pul investitsiya qilingan.

“Men hozirgi O’zbekiston hukumatini to’liq qo’llab quvvatlayman. Islohotlar oson kechmasligini, mamlakatni bitta qaror bilan rivojlantirib bo’lmasligini, hammasi murakkabligini tushunaman. Aynan hozirgi tizimga ishonganim uchun ham shu mamlakatda yashab, ishonib biznes bilan shug’ullanyapman” — deya fikriga yakun yasaydi tadbirkor.

Avvalroq Spot, Allayev kontrafakt mahsulotlari sabab o’z biznesi zarar ko’rayotganligi haqida xabar bergan edi.