Onlayn auksionga Toshkent viloyati, Bo’stonliq tumani, “Boladala” MFY, Mirza Tursunzoda ko’chasida joylashgan, foydalanilmayotgan eski bino sotuvga qo’yildi.

Dam olish zonasi 0,7 gektar maydonda joylashgan. Inshoot uchun boshlang’ich narx 625 mln so’m deb belgilangan.

G’olib chiqqan shaxs 24 oy mobaynida turistik xizmat koʻrsatish majmuasi, shu jumladan hududda 3 yulduzli toifadagi, kamida 3 qavatli 50 xonali mehmonxona faoliyatini tashkil etish kerak.

Shuningdek, ushbu davlat aktivini sotib olgan investor tomonidan sotib olish toʻlovlarni 6 oy muddat ichida amalga oshirish hamda investitsiya loyihasini “Chorvoq” erkin turistik zonasi direksiyasi bilan kelishish talab etiladi.

Arizalarni qabul qilish 21-iyulgacha davom etadi. Auksion 23-iyul kuni bo’lib o’tadi.

Avvalroq Spot, “Soyliq” oromgohi 14,5 mlrd so’mga sotilganligi va “Gidroenergetik” sport sogʻlomlashtirish oromgohi sotuvga qo’yilganligi haqida yozgan edi.