Ularning har biri — Uorren Baffet, Rey Dalio va Keti Vud — o’zlarining investitsiya kiritish falsafasi bilan bo’lishadi. Ko’p hollarda ular orasida o’xshashliklar mavjud, ammo prinsip bo’yicha aniq farqlar ko’zga tashlanadi.
Uorren Baffet
Berkshire Hathaway kompaniyasi asoschisi va bosh direktori. Dunyoning eng muvaffaqiyatli investorlari va milliarderlari safiga kiradi. 2021-yilning avgustida u 91 yoshni qarshi oladi.
Baffet kompaniya aksiyalari uzoq muddat saqlab turishi bilan e’tiborga loyiq. Bu asosan bir necha o’n yilliklarni tashkil etadi. Chunki investor aksiya kotirovkalaridan ham oldin kompaniyaning biznesni qanday yuritayotganiga e’tibor qaratishni maslahat beradi.
Boshlovchi investorlarga uning eng katta maslahati — buxgalteriya asoslarini yaxshilab o’rganishdir.
Bunday ko’nikma, hisobotlarni tushunishga, biznesning qanchalik samaradorlikka erisha olishini, shuningdek, aksiyalar narxi va o’sishini baholashga yordam beradi.
“Investor o’zida shunday odatni shakllantirishi kerakki, u aksiyalarni olayotganda grafiklarda ko’tarilib tushadigan chiziqlarni emas, kompaniya biznesining bir qismini qo’lga kiritdim deya o’ylasin”, — deya hisoblaydi Baffet.
Ikkinchi beminnat maslahat — aksiyalarni uzoq muddatga (minimum 5 yil) sotib olish kerakligi. Agar investor aql bilan kompaniya aksiyalarini tanlay olgan bo’lsa, u holda, unga foyda olib keladigan shunday biznesi borligidan faxrlanishi kerak. Aksiyalar narxi ko’tarilganda ularni sotib yuborish esa “yangi meva solgan hosilni kesib tashlab, o’rniga begona o’tlarni sug’orish bilan teng”.
2021-yilning boshida investorga yo’llangan murojaatnomasida Baffet “agar chidamli va chuqur fikr qiladigan ishqiboz, portfelini to’plash jarayonida AQSHning 500 ta kompaniyasidan 50 tasiga oz-ozdan investitsiya kiritgan taqdirda ham, vaqt o’tishi bilan ular o’sib foyda keltirishni boshlaydi. Eng muhimi, raqamlarda va grafiklardagi chiziqlar kuchiga taslim bo’lmaslik”, deya fikr qoldirgan.
Bunday holat birjadagi brokerlar sabab ham kuchayishi mumkin. Millionlab investorlar “aldovchi g’oyalarga ega bozorning professionallari” yoki grafikdagi chiziqlar yuqoriga ko’tarilishiga ishonch bilan ko’rsatma berayotgan “texnik tahlilchilar” ga duch kelmoqdalar.
Biroq, kapitalni yaratish uchun faqatgina “vaqt, xotirjamlik, savdo-sotiq va to’lovlarni minimallashtirish” talab qilinadi, deb yozadi Baffet. Investorlar hech qachon bir narsani unutishmasin: “Qachonki ular pul sarflashsa, Wall Street ularni ishlab topadi”.
Undan oldingi murojaatnomalarida esa Baffet quyidagilarni maslahat bergan:
Xavotirga berilmaslik kerak. Narxlar tushganda atrofdagilar qo’rquvga berilishadi. Bu esa aksiyalarni sotib olish uchun eng maqbul vaqt;
Indeks fondlari orqali investitsiya kiritish;
unutmang: oldingi daromadlar kelajakni ta’minlab bermaydi;
ma’lumot shovqiniga tanlangan strategiyani buzishi uchun yo’l qo’yib bermaslik.
Rey Dalio
Dunyodagi eng yirik Bridgewater Associates hedge-fond asoschisi. Investitsiya olamida uni iqtisodiy trendlarni oldindan ayta olish qobiliyatiga ega ekanligi uchun ko’proq hurmat qilishadi.
Dalioning fikricha, investitsiya — bu hayot tarzi. O’zining “Prinsiplar. Hayot va ish” kitobida u investorlarga muvaffaqiyatga erishishda nima yordam berishi kerakligi haqda yozib o’tgan.
Asosiy g’oya — chuqur fundamental bilimlarni egallash va reallikka to’g’ri qaray olishni o’rganish lozim. Har doim natijalar siz kutganingizdek bo’lavermadi. Buning uchun u sahaxsiy fikrga ega bo’lish kerakligini, aqlli insonlardan kamchiliklari uchun tanqid eshitishni va doimiy ravishda o’qish va izlanishdan to’xtamaslik haqida aytib o’tgan.
Amaliy jihatga tegishli bo’lgan maslahatlardan biri — bu riskni kamaytirish uchun portfel xilma-xilligiga e’tibor qaratishdir. Dalioning fikricha, aktivlarni quyidagicha taqsimlagan ma’qul:
- 30% — aksiyalar;
- 40% — uzoq muddatli obligatsiyalar;
- 15% — qisqa muddatli obligatsiyalar;
- 7,5% — oltin;
- 7,5% — boshqa mahsulotlar (kumush, neft va boshq).
Bundan portfel barcha uchun birdek asqotadi deya hisoblaydi investor: chunki u iqtisodiyotning o’sishi yoki inqiroziga qaramasdan rivojlanishi va foyda olib kelishi mumkin.
Faol investorlarga esa doimiy ravishda aksiyalarni sotish va sotib olishni tavsiya qilgan. Dalio iqtisodiy sikllar qanday ishlashini o’rganishni maslahat beradi va shundan kelib chiqib kontrsikl harakat olib borish kerakligini aytgan: ya’ni hamma sotib olayotganda sotish, sotayotganda esa sotib olish.
“Individual investorning eng katta xatosi bu — birja haqidagi fikrlaridir. Agar narxlar unga foydali bo’lsa — bozor yaxshi, agar foyda miqdori kamaysa — bozor yomonga aylanadi”, deya fikr bildiradi Dalio.
Shuningdek, naqd pullarni saqlash — bu yaxshi fikr emas. (Cash is Trash) Investorlar bitkoinga pul tikayotganda 80 foiz yo’qotish xavfini bilib bo’ynilariga olishlari kerak bo’ladi.
Dalio investorlarga doim hotirjamlikni saqlash va market-timing (sotib olish va sotish uchun mos vaqtni tanlab yurmaslik) ortidan quvmaslikni maslahat beradi.
Keti Vud
ARK Investment Management investitsion kompaniyasi asoschisi, so’nggi yillarda shiddat bilan rivojlanib borayotgan birja vositachilaridan biridir. 2020-yilda Tesla va boshqa texnologik kompaniyalarga qilgan investitsiyasi Ketini Wall Streetning eng yorqin ishtirokchilaridan biriga aylantirdi.
Keti kompaniyalarning hisobotlarini erinmasdan o’rganish kerak deya hisoblaydi. Chunki bu izlanish qisqa muddatdagi investitsiya imkoniyatlarini taqdim etibgina qolmasdan, balki kelajak uchun yirik poydevor ham bo’lishi mumkin.
Dunyo qaysi tomon o’zgarishini tushungan holda, ko’pchilik tomondan talab qilinadigan sektor — kompaniya yoki texnologiyaga investitsiya kiritish mumkin bo’ladi.
Shu sababli, Vud biznesni tadqiq qilishda investorlar qiziquvchan bo’lishi kerak deb hisoblaydi.
“Agar siz sarmoya kiritayotgan kompaniyalar va mavzular sizni haqiqatan ham qiziqtirsa, siz kelajakda nima kutayotganingizni chuqurroq o’ylab ko’rishga intilasiz”.
Kelajakni tasavvur qilish uchun Keti to’g’ri savollarni shakllantirishga yordam berish uchun toza varaqdan boshlashni maslahat beradi.
“Dunyo duch kelayotgan muammodan boshlang yoki nega hozirgi zamon shunday ishlayotgani haqidagi asosiy taxminlarga shubha bilan qarang”, deydi u.
Keti Vud investor investor tavakkal qilishdan qo’rqmasligi kerak, deb ta’kidlaydi: u o’zi hozircha an’anaviy kompaniyalar singari daromad keltirmaydigan startaplar va texnologiyalarga garov tikadi.
Ko’rinishidan, bu juda ahamiyatsiz tavsiya: investitsiya har doim xavf tug’diradi. Biroq, Vudning yondashuvi bizni fond birjasida tavakkalchilik haqidagi fikrni qayta ko’rib chiqishga majbur qiladi.
Axir, nima xavfli ekanligi noma’lum: yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etadigan va jahon iqtisodiyotini o’zgartiradigan loyihalarmi yoki hozir tushunarli va barqaror bo’lgan, ammo kelajak dunyosida o’z o’rnini topa olmaydigan kompaniyalarga mablag' kiritishmi…
Maqola Secretmag nashri materiallari asosida tayyorlandi.