“Oʻzbekiston temiryoʻllari” matbuot xizmati anomal issiq havo tufayli poyezdlar harakat jadvalida oʻzgarishlar boʻlishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Xabarda aytilishicha, mamlakatga 28-iyundan boshlab Volga boʻyi hududlaridan issiq va quruq havo kirib kelgandi. Hafta davomida Oʻzbekiston boʻyicha havo harorati kechalari 22−25 daraja, kunduz kunlari 38−41 daraja, shimolda, janubda va choʻl hududlarining baʼzi joylarida 43 daraja issiq atrofida boʻladi.
Bunday issiq havo paytida poʻlat izlardagi harorat yana-da yuqori boʻladi. Shu bois, harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida 2021-yil 7-iyul sanasiga qadar choʻl hududlarida poyezdlar harakat jadvalida oʻzgarishlar kuzatilishi mumkin, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Spot, Oʻzbekistonda karantin choralari kuchaytirilishi ortidan Toshkentga kirib-chiqish cheklanishi maʼlum qilgan. Biroq cheklov temir yoʻl va aviaqatnovga tegishli emasligi taʼkidlangan.