“Koʻchma savdo faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish hamda savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Koʻchma savdoni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Unga koʻra, “К — SAVDO” avtomatlashtirilgan axborot tizimida koʻchma savdo obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazgan tadbirkorlar Oʻzbekiston hududida koʻchma savdo bilan shugʻullanishi mumkin.
Nizom bilan koʻchma savdoni amalga oshirishning majburiy talablari va shartlari, savdo obyektining ixtisoslashuv turlari, koʻchma savdosi taqiqlangan tovar turlari belgilandi.
Roʻyxatdan oʻtkazilgan koʻchma savdo joyini yoki uning bir qismini boshqa shaxsga foydalanishga yoki ijaraga berish taqiqlanadi.
Transport vositasi orqali koʻchma savdo faoliyati “К — SAVDO” AAT orqali savdo qilinadigan joy haqida xabarnoma yuborish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Koʻchma savdo joyi elektron auksionda sotiladi. Bunda tadbirkorga koʻchma savdo joyidan koʻpi bilan 36 oy muddatga foydalanish huquqi beriladi. Savdo maydonidan foydalanish huquqini olgan tadbirkorlar faqat bayram va ommaviy tadbirlar oʻtkazish davrida vaqtinchalik asosda joylashtirish sxemasidan tashqarida faoliyat yuritishi mumkin.
“К — SAVDO” AATda koʻchma savdo obyektni roʻyxatdan oʻtkazish uchun yigʻim undirilmaydi. Joylashish sxemalari har uch yilda bir marta qayta koʻrib chiqiladi.
Qaror bilan shuningdek, Umumiy ovqatlanish korxonalari mavsumiy kafelarining ishlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
2021-yil 1-oktabrgacha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida umumiy ovqatlanish korxonalarining mavsumiy kafelarini joylashtirish boʻyicha elektron ariza berish xizmati joriy etiladi.
2021-yil 1-noyabrgacha har bir tuman (shahar) kesimida koʻchma savdo joylari tanlanib, koʻchma savdo ob’yektlarining joylashish sxemalari tuziladi hamda ular “К — SAVDO” AATga joylashtiriladi.