Prezident issiqlik ta’minoti tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari bilantanishdi.
Unga ko’ra, Toshkent shahridagi magistral va tarqatish tarmoqlari, markaziy qozonxonalarning 90 foizi eskirgan.
Ortiqcha sarflangan tabiiy gaz va ichimlik suvi oqibatida “Toshissiqquvvati” davlat unitar korxonasining kreditor qarzdorligi yuqoriligicha qolmoqda. Xizmat sifati pastligi aholining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois, 2019-yil 2-dekabrda “Toshkent shahrining issiqlik ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilinib, tizimda bozor tamoyillari va davlat-xususiy sheriklikni joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.
O‘tgan davrda bu borada loyiha konsepsiyasi tayyorlanib, takliflar olish uchun tanlov e’lon qilindi. Osiyo taraqqiyot bankining xulosasiga ko‘ra, Fransiyaning “Veolia” kompaniyasining loyihasi eng samarador deb topildi.
Shu kunlarda Toshkent shahar hokimligi bilan kompaniya o‘rtasida xususiy sheriklik shartnomasi imzolanishi kutilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, “Veolia” kompaniyasi tomonidan 315 million yevro, loyiha davrida olinadigan daromad hisobidan 1 milliard 80 million yevro yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Bu mablag‘lar evaziga 181 ta issiqlik qozonxonasi modernizatsiya qilinishi, 28 mingta issiqlik punkti o‘rnatilishi, 841 kilometr tarmoq rekonstruksiya qilinib, 576 kilometr tarmoq yangidan qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 391 ta maxsus avtomashina va boshqa uskunalar sotib olinadi. Xalqaro darajadagi texnik audit va billing tizimi joriy etiladi.
Boshqaruvga berishdan oldin “Toshissiqquvvati” davlat unitar korxonasiga tegishli mol-mulk va binolar xatlovdan, ko‘p qavatli uylarning issiqlik ta’minoti tizimlari texnik va energetik auditdan o‘tkazilishi belgilandi.
Loyihani amalga oshirish uchun Issiqlik tizimini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Loyiha doirasida olingan sof foydaning 10 foizdan oshgan qismi mazkur jamg‘armaga o‘tkazib boriladi.