Respublika Markaziy banki oxirgi besh yilllikda xorijiy kredit liniyalari hisobidan tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar to’g’risida sharh e’lon qildi.
Unga ko’ra, 2018−2020-yillar va 2021-yilning I yarmida tijorat banklarida tadbirkorlik subyektlariga xorijiy kredit liniyalari mablagʻlari hisobidan $7,4 mlrddan ortiq kredit ajratildi.
Xususan, 2018-yilda $1,3 mlrd, 2019-yilda $2,1 mlrd , 2020-yilda $2,9 mlrd, 2021-yilning I yarmida $1,0 mlrd miqdorida kreditlar ajratildi. Shu davrda davlat kafolati ostida jalb qilingan xorijiy kredit liniyalari hisobidan ajratilgan kreditlar $1,8 mlrdni yoki jami ajratilgan kreditlarning 24 foizini tashkil etdi.
Xorijiy kredit liniyalari hisobidan 2018−2021-yillar davomida sanoatga — $4 361,8 mln (yoki jami mablagʻlarning 59%i), qishloq xoʻjaligiga — $1 638,3 mln (22%), savdo va xizmat koʻrsatishga — $1 051,2 mln (14%), transportga — $239,0 mln (3%), qurilishga — $133,5 mln (2%) miqdorida mablagʻlar yoʻnaltirildi.
Ma’lumot uchun: avgust oyining boshida Vazirlar Mahkamasining “Hayotiy muhim infratuzilmalarni qo’llab-quvvatlash dasturi: elektr energiya sohasini qo’llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risidagi qarori qabul qilingan edi.
Unga ko’ra, YeTTB O’zbekistonga soha rivoji uchun 81,6 mln yevro miqdorida kredit ajratadi.
Kredit mablag’lari 7 yil muddatga, 30 oylik imtiyozli davr bilan,yillik 1 foiz plyus 6 oylik Euribor stavkasida va majburiyat uchun komissiya 0,5 foiz stavkasida taqdim etildi.
Qaror bilan:
- Bank kreditlaridan foydalanish jadvali;
- qarz oluvchilar — “Toshkent issiqlik elektr stansiyasi”, “Navoiy IES”, “Sirdaryo IES”, “Taxiatosh IES”, “Talimarjon IES” AJlarning qarzni qoplash bo’yicha aniq vazifalari tasdiqlandi.
Bank tomonidan ajratilgan qarzni qaytarish, foizlar, bir martalik komissiya va boshqa xarajatlar bilan bog’liq to’lovlar tegishliligi bo’yicha IESlarning o’z mablag’lari hisobidan amalga oshiriladi.