Hukumat qarori bilan O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida “hamshiralik ishi” faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida “hamshiralik ishi” faoliyati bilan shug‘ullanishga o‘rta tibbiy (hamshiralik ishi, davolash ishi, akusherlik ishi) yoki oliy hamshiralik ishi bo‘yicha oliy maʼlumotga ega bo‘lgan, davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida ishlamaydigan shaxslarga (hamshira) ruxsat beriladi.
Buning uchun hamshira maxsus mobil ilova yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yoxud davlat soliq xizmati organiga kelgan holda ro‘yxatdan o‘tadi.
Hamshiraga maʼlumotnoma rasmiylashtirilib, shu asosda Sog‘liqni saqlash vazirligining axborot dasturida ro‘yxatdan o‘tadi hamda mustaqil hamshira sifatida faoliyatini boshlaydi.
Mustaqil hamshira axborot dasturida maʼlumotlarni bevosita o‘zi kiritishi yoki tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalariga kelgan holda axborot dasturida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Bunda malaka to‘g‘risidagi sertifikat bo‘lishi talab etiladi, mustaqil hamshira taʼlim tashkilotini tugatganiga 3 yil bo‘lmagan taqdirda ushbu sertifikat talab etilmaydi.