Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask Kaliforniyadagi oxirgi uyining narxini $31,99 mln gacha arzonlashtirdi, milliarder 19 gektarlik bu uyni 2021-yil iyulda $37,5 mln ga baholagandi.

San-Fransisko koʻrfaziga qaraydigan uy 1912-yilda qurilgan. Uning maydoni taxminan 1500 kv.metrni tashkil etadi. Binoda 9 ta yotoqxona, 10 ta hammom, bal va banket zallari bor.

Mask bu uyni 2017-yilda $23,4 mln ga sotib olgandi, sayyoradagi eng boy odam baʼzan oʻz uyini tadbirlar uchun ijaraga berib turgan.

Maʼlumot uchun, 2020-yil may oyida Ilon Mask Mars gʻoyasi sabab deyarli barcha mulkini sotishini eʼlon qilgandi. Mask Teslaning bosh qarorgohini Kaliforniyadan koʻchirishini eʼlon qilganidan bir necha kun oʻtgach milliarderning soʻnggi uyini narxi keskin tushib ketdi.