Rossiyaning “Метровагонмаш” AJ 20 ta metro vagonlarini ishlab Toshkentga joʻnatdi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yuborilgan vagonlardan Toshkentda toʻrtta vagonli 5 ta metro poyezdi shakllantiriladi. Ushbu modifikatsiyadagi harakatlanuvchi tarkiblari yetkazilishi bilan Toshkent metropolitenida poyezdlar soni jami 60 vagonni, yaʼni 15 ta toʻrt vagonli poyezdlarni tashkil etadi.

Mazkur poyezd yoʻlovchilarning toʻsiqsiz harakatlanishi uchun vagonlararo oʻtish joylari bilan jihozlangan, har bir vagonda sensorli monitorlar oʻrnatilgan boʻlib, ularda kerakli stansiyalarni qidirish, yoʻnalishdagi sayohatni rejalashtirish va vaqtini hisoblash imkoniyatiga ega. Vagon va mashinist kabinalari videokuzatuv tizimi, konditsioner va havoni zararsizlantirish tizimlari bilan jihozlangan.

Xabarga koʻra, mazkur metro vagonlarining xizmat qilish muddati 30 yil. Metro poyezdining konstruksion tezligi soatiga 90 km ni tashkil etadi.

Avvalroq Spot yangi poyezdlar “Chilonzor” yoʻnalishida harakat qilayotganligi haqida yozgan edi.