Liberal-demokratik partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mirziyoyev Toshkent viloyatiga mo‘ljallangan besh yillik dastur markazida 100 ming yoshni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, barcha sohalarda kamida 450 ming ish o‘rni yaratish, aholi daromadini kamida 2 barobarga oshirib, kambag‘allikni qisqartirish, har bir mahallada aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish masalalari bo‘lishini ta’kidladi.

Shu maqsadda, avvalo, sanoatni rivojlantirish, tabiiy resurslar negizida yirik korxonalar tashkil etish, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga e’tibor qaratiladi.

Kelgusi besh yilda viloyatda umumiy qiymati 20 milliard dollar bo‘lgan 8 mingta yirik, o‘rta va kichik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu 180 mingdan ziyod doimiy ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Xususan, Olmaliq, Angren va Ohangaronda yirik mis klasteri tashkil etilishi aytildi. Chirchiq va Olmaliq shaharlari innovatsion kimyo sanoati markaziga aylantiriladi. Bekoboddagi O‘zbekiston metallurgiya kombinatida yangi quyuv-prokat majmuasi ishga tushirilib, jami quvvat 2 barobar oshiriladi. Parkent tumanidagi 27 million tonna temir rudasi zaxirasini o‘zlashtirish boshlanadi.

Shuningdek, qurilish materiallari sanoatida 1 milliard 300 million dollarlik 150 ta loyiha, farmatsevtika tarmog‘ida 750 million dollarlik 30 ta, to‘qimachilik yo‘nalishida 420 million dollarlik 90 ta, elektr texnikasi ishlab chiqarish bo‘yicha 300 million dollarlik 40 ta loyiha rejalashtirilgani qayd etildi.

Umuman, bunday yangi loyihalar hisobiga, kelgusi besh yilda viloyat eksport hajmini 2 barobardan ziyod oshirib, 2 milliard 600 million dollarga yetkazish mumkinligi ta’kidlandi.