Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasiga koʻra, alohida toifadagi fuqarolar tomonidan yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun yer uchastkalarini sotib olinishida ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibi belgilanadi.

Loyihada:

  • harbiy xizmatdagi faoliyati paytida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oilalari, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatida turar joyini yoʻqotgan jabrlangan shaxslar elektron onlayn-auksion orqali sotib olgan yer uchastkasini toʻliq yoki qisman qoplash;
  • qoplab berish Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahar shahar byudjet hamda tuman (shahar) byudjetlari daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismi, mahalliy hokimliklar tasarrufidagi ijtimoiy jamgʻarmalar (“Temir daftar"ga kiritilgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini moliyalashtirish manbalari, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” jamgʻarmalari) mablagʻlari, homiylik mablagʻlari va qonunchilikda taʼqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi koʻrsatilgan.

Bildirilishicha, qaror loyihasi qabul qilinishi ushbu yoʻnalishdagi huquqiy asoslarni tartibga solishga, shuningdek, alohida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Avvalroq Spot Chorvoq yaqinidagi “Chotqol” dam olish maskani sotuvga qoʻyilganligi haqida yozgan edi.