2021 yil III chorakdagi pul-kredit siyosati sharhida Markaziy bank inflyatsiya darajasi ortishining asosiy xatarlarini qayd etdi.

Umumiy inflyatsiyaning pasayish dinamikasiga o‘tganligi, bazaviy inflyatsiya darajasini prognozlar doirasida shakllanayotganligi va amaldagi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari yil so‘ngigacha inflyatsiyaning 10 foizlik prognoziga erishishda qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘ladi.

Iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar o‘sishining yalpi ichki mahsulot nominal hajmi o‘sish sur’atlari doirasida saqlanib qolayotganligi, kelgusi oylarda ichki bozordagi narxlarga va milliy valyuta almashuv kursiga qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirmaydi.

Hukumat tomonidan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar tashqi bozorlarda narxlar o‘sishining ichki bozordagi narxlar darajasiga o‘tkazma ta’sirlarini minimallashtirish imkoniyatini beradi.

Markaziy bank tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta’sirida yuzaga keladigan inflyatsion omillar va xatarlarni o‘rganib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rib boradi.