AQShning avtomobillarni ijaraga beruvchi Hertz kompaniyasi Tesla bilan 100 mingta elektromobil sotib olish haqida kelishuvga erishdi.
Bu Tesla tarixidagi eng yirik buyurtma hisoblanadi. OAVning hisob-kitobiga koʻra, avtomobillar uchun toʻlanadigan umumiy summa $4,2 mlrd ga yetishi mumkin.
Kelishuvga koʻra, elektromobillar 2022-yil oxirigacha yetkazib berilishi kerak.
Hertz AQSh va Yevropada Tesla elektrokarlarini noyabrdan boshlab ijaraga bera boshlaydi. Kompaniya, shuningdek, elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari qurishini eʼlon qilgan.
Jumladan, 2022-yil oxirigacha bunday stansiyalar sonini 65 ta davlatda 3 mingtagacha, 2023-yil oxirigacha esa 100 ta davlatda 4 mingtagacha yetkazish rejalashtirilgan.
Ushbu yangiliklar ortida ikkala kompaniya aksiyalari ham 7% ga oshgan. Eʼtiborlisi, Tesla aksiyalari narxi navbatdagi marotaba rekord qayd qilgan va bir donasi narxi $978 ga yetgan.
Bunday koʻrsatkichlar ortida Tesla-ning bozor qiymati $1 trln dan, Ilon Maskning boyligi esa $250 mlrd dan oshgan.
Avvalroq Spot Tesla shtab-kvartirasini koʻchirishi haqida yozgan edi.