Oʻzbekistondagi avtomobillarga tabiiy gaz toʻldirish shoxobchalari ishlash vaqtiga cheklovlar joriy etilmoqda. Energetika vazirligi axborot xizmatiga koʻra, kunning kechki va tungi vaqtlarida shoxobchalar faoliyati cheklanadi.

Xabarda cheklov oraligʻiga oydinlik kiritilmagan. Maʼlum boʻlishicha, har bir viloyat oʻz hududida zapravkalar ishlash vaqtini oʻzi mustaqil ravishda belgilaydi.

“Bundan maqsad birinchi navbatda tabiiy gaz yetkazib berilishi muhim hisoblangan aholi, shifoxona, maktab hamda maktabgacha taʼlim tashkiloti kabi ahamiyatga ega muassasalar, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi yirik stansiyalarning tabiiy gaz taʼminotida barqarorligini taʼminlashdan iborat.

Hurmatli isteʼmolchilar, vaqtinchalik cheklov choralari havo harorati biroz koʻtarilgunga qadar davom etadi", — deyiladi xabarda.

Taʼkidlanishicha, AGTKSh tez orada avvalgi tartibda ishlash rejimiga oʻtadi.

Avvalroq Spot O’zbekistondagi benzin narxi 10−15 kunda oʻzgarishi, bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Farruh Karabayev ma’lum qilganligi haqida yozgan edi.