Spot 2022-yil 1-yanvarda biznes va iqtisodiyotga aloqador turli sohalarda kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhini taqdim etadi.


ID-karta hamda xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish davlat xizmatlari markazlari orqali ham amalga oshiriladi.


Respublikaning istalgan hududida ID-kartalarni olish va almashtirish imkoniyati yoʻlga qoʻyiladi.


Pensiya va nafaqalarni toʻlash tender asosida tanlangan tijorat banki tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, bankka pensiya va nafaqalarni naqd pulda fuqarolarning yashash manzillariga yetkazib berish majburiyati yuklatiladi.


Chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarida qilingan xarid chekini soliq organlarining maxsus mobil ilovasida skanerlagan jismoniy shaxslarning kartalariga oy yakunida xarid summasining 1%i qaytariladi. Shuningdek, mijozga chek bermasdan mahsulot sotganlik yoki xizmatlar koʻrsatganlik toʻgʻrisida soliq organlariga maxsus dastur orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga, huquqbuzardan undirilgan jarimaning 20%i miqdorida mukofot toʻlanadi.


Har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchisi lavozimi taʼsis etiladi.


Davlat tashkilotlari tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlaridan bir qator maʼlumotnoma va hujjatlarni talab qilish tartibi bekor qilinadi.


Ayrim davlat xizmatlari uchun undiriladigan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar miqdori kamaytiriladi.


Davlat xizmatchilari, ularning turmush oʻrtogʻi va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladi. Bundan tashqari, davlat xizmatchilariga respublika hududidan tashqarida hisobraqamlar ochish va egalik qilish, naqd pul mablagʻlarini saqlash, koʻchmas va boshqa mol-mulkka ega boʻlish taqiqlanadi.


Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka olish “Vasiylik va homiylik” elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.


Nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (davlat tashkilotlari bundan mustasno) har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda BHMning 1,5 baravari (405 ming soʻm) miqdorida subsidiya beriladi.


Barcha tuman (shahar)larda byudjet umumiy xarajatlarining 5%i jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.


Xorijiy tillardan sertifikatga ega davlat boshqaruv idoralari xodimlariga lavozim maoshiga nisbatan 20% gacha qoʻshimcha ustama toʻlanadi.


Yuqori natija koʻrsatilganda imtihon topshirish xarajati qoplab beriladigan xalqaro imtihon tizimlari roʻyxati kengayadi.


Moʻynoq tumanidagi tadbirkorlik subyektlari uchun bir qator soliq stavkalari 1% etib belgilanadi hamda kichik tadbirkorlik subyektlariga korxona qurilishi uchun zarur boʻlgan asbob-uskuna va texnikalarni temir yoʻl transportida tashish xarajatlarining yarmi qoplab beriladi.


Tumanlarda (Toshkent shahri bundan mustasno) faoliyat yurituvchi YaTTlarga belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga pasaytiriladi.


Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan avtomototransport vositalarini elektron onlayn-auksion yoʻli bilan ijaraga berishda shartnomalarni notarial tasdiqlash talabi bekor qilinadi.


Kameral soliq tekshiruvi natijasida aniqlangan huquqbuzarliklar uchun va tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq hisobotini belgilangan muddatlarda taqdim etmaganlik uchun moliyaviy sanksiyalar bekor qilinadi.


Fuqarolarga korrupsiya haqida tezkor xabar berish imkonini beruvchi tun-u kun faoliyat yuritadigan “Call-markaz” ishga tushiriladi.


Metropoliten yoʻnalishlari (ularning qurilishi boʻyicha maʼlumotlar), bekatlar (ular atrofida joylashgan obyektlar va jamoat transporti yoʻnalishlari), poyezdlar harakati jadvali, elektron toʻlov hamda boshqa maʼlumot va xizmatlarni oʻz ichiga oluvchi mobil ilova ishga tushiriladi.


Yoʻlovchi tashish yoʻnalishlarini ochiq tenderlar orqali tashuvchilarga biriktirish elektron axborot tizimi test rejimida ishga tushiriladi.


QQS toʻlovchilarga asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish hamda oʻz ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bogʻliq barcha operatsiyalarni “E-aktiv” axborot tizimida aks ettirish majburiy hisoblanadi.


Hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning 50%i “Ochiq byudjet” portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yoʻllarni taʼmirlashga yoʻnaltiriladi.


Xonadonda pilla yetishtiruvchilarga hosilning bir kilogrammi uchun 5 ming soʻm miqdorida subsidiya ajratiladi hamda tutzorlarni sugʻorish uchun foydalanilgan suv hajmiga soliq stavkasi 50 foiz miqdorda qoʻllaniladi.


Geologiya-qidiruv va izlanish ishlari oʻtkazish uchun ajratilgan yer uchastkalari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi solish obyekti hisoblanmaydi.


Ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan sotiladigan suyultirilgan gazga aksiz soligʻi solinmaydi.


Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari Internet tarmogʻiga keng polosali ulanish tarmoqlarini loyihalash va qurishda:

  • maʼmuriy binolar va koʻp kvartirali uylarni kamida 1 Gbit/s oʻtkazuvchanlik qobiliyati bilan;
  • taʼlim tashkilotlari, sogʻliqni saqlash muassasalari va boshqa davlat tashkilotlarini kamida 100 Mbit/s oʻtkazuvchanlik qobiliyati bilan ulaydi.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibidagi GESlar tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini sotib olish narxlari oʻzgaradi.


Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava va trikotaj mato uchun $0,05 miqdorida yigʻim undiriladi.


Ortiqcha undirilgan bojxona toʻlovlari tegishli qaror qabul qilingandan soʻng 3 ish kuni davomida qaytariladi hamda bojxona toʻlovlarini boʻlib-boʻlib toʻlashning eng kam muddati 14 kun etib belgilanadi.


Mamlakat iqtisodiyoti uchun ustuvor ahamiyatga ega boʻlgan, strategik sohalarga oid ayrim aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqi (oltin aksiya) bekor qilinadi.


Uyali aloqa operatorlari uchun uyali aloqa xizmatlariga solinadigan aksiz soligʻi stavkasi 10% etib belgilanadi.


Mol-mulk auksionda sotilgunga qadar uchinchi shaxslarning egaligiga oʻtib ketgan va bu holat auksion yakunlanganidan soʻng aniqlansa, zakalat puli auksion gʻolibiga qaytarib beriladi.


Sement ishlab chiqarishga moʻljallangan 1 tonna ohaktosh uchun yer qaʼridan foydalanganlik soligʻi stavkasi ikki baravar kamaytiriladi.


Qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy summasini qoplash (qaytarish) uchun soliq organlariga ariza bilan alohida murojaat qilish haqidagi majburiy talab bekor qilinadi.


Umumiy ovqatlanish korxonalariga soliq organlarini xabardor qilgan holda bir qator soliq va yigʻimlar boʻyicha qarzdorlikni 2022-yil 1-iyulga qadar boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi beriladi.


Tadbirkorlik subyektlariga umumiy maydoni 1 ming kvadrat metrdan ortiq boʻlgan yer uchastkalariga va (yoki) bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqini qoʻlga kiritganda mol-mulk soligʻi va yer soligʻi boʻyicha hisoblangan soliqlarni toʻlashni 6 oy muddatga kechiktirish huquqi beriladi.


Toshkentning Bektemir va Uchtepa tumanlarida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish vazifalarini autsorsing asosida tadbirkorlarga berish yuzasidan huquqiy eksperiment oʻtkaziladi.


Tabiiy monopoliya subyektlari, bozorda ustun mavqega ega boʻlgan subyektlarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladi.


Oʻrmon fondining foydalanilmayotgan yerlarini jismoniy va yuridik shaxslarga ijaraga berish onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi.


Xabarni toʻldirishda lex.uz va kun.uz manbalaridan foydalanildi.