Dizlayk — “Reyting tushirish” funksiyasi hozircha faqat Twitterʼning veb-versiyasida paydo boʻlgan va tez orada iOS va Androidʼdagi mobil ilovalarda ishlaydi. Twitter shu tarzda foydalanuvchi koʻrmoqchi boʻlgan kontent haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlishini tushuntirdi.

Ijtimoiy tarmoqdagi sinovlar davomida foydalanuvchilar haqoratomuz yoki nomaqbul javoblar uchun reytingni pasaytirgani aniqlangan.

“Ushbu tajriba shuni koʻrsatdiki, past ovoz berish koʻpincha foydalanuvchilar koʻrishni istamaydigan kontentni belgilash uchun ishlatiladi”, deyiladi izohda.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining hech biri reytingni kim tushirganini koʻra olmaydi. Baʼzilarning fikricha, kompaniya shu tarzda moderatsiya uchun masʼuliyatni foydalanuvchilarning oʻziga yuklamoqchi. Boshqalar, bu trollik va taʼqib qilishni toʻxtatishning bir usuli deb hisoblashadi.

Avvalroq Twitter TikTok kabi vertikal video funksiyasini test qilgan edi.