Osiyo taraqqiyot banki Oʻzbekiston avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish va yangilash uchun $273,8 mln miqdorida kredit ajratishni maʼqulladi, deya xabar berdi bank sayti.

Dengizlardan olisda joylashgan mamlakatni qoʻshni davlatlar bilan bogʻlashda avtomobil yoʻllari muhim oʻrin tutadi, dedi OTBning Markaziy va Gʻarbiy Osiyo boʻyicha bosh direktori Yevgeniy Jukov. Yoʻllarning sifati va xavfsizligini oshirish Oʻzbekistonning transport salohiyatini ochishga yordam beradi.

Yoʻl tarmogʻi joriy imkoniyatlar talablariga javob beradi, ammo uning xavfsizligini taʼminlash kerak. OTB mablagʻlari Surxondaryodagi Derbent — Denov yoʻlining 106 kilometrini yangilashga yoʻnaltiriladi. Shuningdek, ular yordamida CAREC-2 yoʻlagiga kiruvchi A380 (Gʻuzor — Buxoro — Nukus — Beyneu) avtomobil yoʻlining 87 kilometrini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlanadi.

Loyiha doirasida yoʻllar kengaytiriladi va rekonstruksiya qilinadi, bunda safar vaqtlari va avtomobillarni taʼmirlash xarajatlarini qisqartirish koʻzda tutilgan. Piyodalar uchun infratuzilma, jumladan, avtobus bekatlari yaxshilanadi.

Shuningdek, yoʻl harakati xavfsizligi taʼminlanadi, yoʻl belgilari yangilanadi. Derbent va Denov shaharlari yaqinida yoʻl qismidagi yukni kamaytirishga yordam beradigan harakatda tortish tizimlari oʻrnatiladi.

Muhandislik yechimlari xavfsizlik, iqlimga chidamlilik va iqtisodiy samaradorlik boʻyicha xalqaro standartlarga javob beradi, dedi OTB mintaqaviy transport direktori Xideaki Ivasaki. Loyiha iqtisodiyotning tiklanishini tezlashtiradi, savdo va turizmga yordam beradi va yaqin atrofdagi aholini ish bilan taʼminlaydi.

OTB shuningdek, loyiha amalga oshirilayotgan joylarda tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlash uchun grant sifatida $150 000 ajratadi. Ularga moliyaviy savodxonlik, marketing va tadbirkorlik yoʻnalishlari oʻrgatiladi.