Hukumat qarori bilan Tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlarga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini quritish, saralash va qadoqlash uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismiga subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlarga 2026-yil 1-yanvargacha omborxonalarni jihozlash xarajatlarining 30%i, biroq 150 mln soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda subsidiya beriladi.

Bunda talabgorlar har yili 1-aprelgacha YAIDXP (my.gov.uz) yoki “Agrosubsidiya” AT orqali elektron ariza taqdim etadi.

Arizaga kooperatsiya asosida ish tashkil etilganligini tasdiqlovchi tuman fermerlar kengashi va tuman hokimi yordamchisi tavsiyanomasi ilova qilinadi.

Avvalroq Prezident tomorqa yer egalariga kredit ajratishga doir qarorni imzolagandi. Unga ko‘ra, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga $100 mln ekvivalenti miqdoridagi qarz mablag‘lari bosqichma-bosqich 4 yillik imtiyozli davr bilan 9 yil muddatga yillik 2% stavkada yo‘naltiriladi.